Osiyoning to’rt mamlakatiga safar qilgan AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo 8-oktabr kuni Xitoyda bo’lib, ikki davlat aloqalari va o’zaro siyosatlari bo’yicha e’tirozlarini muhokama qildi.
Pompeo bungacha Shimoliy Koreya, Janubiy Koreya va Yaponiyada bo’ldi.
Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van Yining aytishicha, ikki mamlakat o’rtasida savdo bo’yicha kechayotgan tortishuvlarni AQSh boshlagan. Xitoy vaziri Vashingtonning Tayvan bilan aloqalarini ham tanqidga oldi.
“Qo’shma Shtatlarni o’zini bunday xato qadamlardan tiyishga chaqiramiz. Ikki mamlakat mojaro va ziddiyatlarga to’la yo’ldan qaytib, hamkorlikning haqiqiy yo’liga o’tishi, o’zaro foydali siyosat yuritishi kerak”, - dedi Van.
Pompeoga ko’ra, Xitoyning ayrim harakatlari AQShni xavotirga solmoqda va u rahbariyat bilan shu haqda gaplashmoqchi.
“Xitoy ikki mamlakat o’rtasidagi strategik muloqotdan bosh tortayotgani afsuslanarli hol. Keng qamrovli mavzularni, ikki davlat xalqlariga imkoniyatlar yaratayotgan mavzularni muhokama qilish o’ta muhimdir”, - dedi AQSh davlat kotibi.
Bir necha kun burun Amerika Vitse-prezidenti Mayk Pens o’z chiqishida Xitoyni harbiy agressiya, tijoriy o’g’rilik, inson huquqlarini poymol etayotganlikda va Prezident Donald Trampga zarar yetkazish maqsadida Amerika saylov tizimiga aralashayotganlikda aybladi.
Facebook Forum