Breaking News

Pompeo Pxenyanda navbatdagi sammit haqida gaplashdi


Arxiv surat. AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Pxenyanda Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan uchrashmoqda, 9-may, 2018-yil

Shimoliy Koreyaga to’rtinchi marta safar qilib, kommunistik davlat rahbari Kim Chen Un bilan uchrashgan AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo 7-oktabr kuni qo’shni Janubiy Koreyaga bordi.

Pompeo Pxenyanda Prezident Donald Tramp va Kim Chen Un o’rtasida ikkinchi muloqotni uyushtirish haqida gaplashgan. Unga ko’ra, navbatdagi oliy darajadagi sammit kuni va joyi hozircha aniq emas.

Ikki rahbari ilk bor 12-iyun kuni Singapurda ko’rishib, Koreya yarimorolini yadrodan xoli hududga aylantirish xususida gaplashgan edi.

Pompeo Seulda Janubiy Koreya Prezidenti Mun Jey In bilan muloqot qilib, Pxenyadagi uchrashuv tafsilotlari bilan bahamlashgan.

Tramp Pompeoning Kim bilan muloqotini izohlar ekan, “Twitter”da uchrashuv yaxshi o’tganini yozdi.

“Singapurda imzolangan hujjatlar bo’yicha olg’a qadamlar tashlanmoqda. Rais Kim bilan keyingi uchrashuvni sabrsizlik bilan kutaman”, deb yozdi Tramp.

“Tomonlar nimaga erishmoqchi ekanini tushunish va bilish muhim”, - degan edi Pompeo Pxenyanga safaridan oldin.

Shanba kuni AQSh davlat kotibi Tokioda ham bo’lib, Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe va Tashqi ishlar vaziri Taro Kono bilan Shimoliy Koreya mavzusini muhokama qilgan.

Pompeoga ko’ra, agar ittifoqchilar Shimoliy Koreyaning yadro dasturidan voz kechishini istasa, bu masalada fikrining bir joydan chiqishi, harakatlarining esa to’liq muvofiqlashtirilishi muhim.

Abening aytishicha, AQSh va Yaponiya rasmiylarining muloqoti ikki mamlakat ittifoqi har qachongidan mustahkam ekanini butun dunyoga namoyish etmoqda.

Pompeo vataniga qaytishdan oldin Xitoyda ham to’xtab o’tadi. Pekin uni qanday kutib olishi hozircha noma’lum. Bir necha kun burun AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pompeo ma’ruza qilib, Xitoyni harbiy agressiya, tijoriy o’g’rilik, inson huquqlarini poymol etayotganlikda, Prezident Trampga zarar yetkazish maqsadida Amerika saylov tizimiga aralashayotganlikda aybladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG