Breaking News

Pompeo: Pxenyan bilan muzokaralarda olg'a siljish bor


Pompeo Pxenyanda Shimoliy Koreya Mehnatkashlar partiyasining rahbarlaridan biri, Shimoliy Korea razvedkasi sobiq direktori Kim Yon Chol bilan ko'rishmoqda, 7-iyul, 2018-yil
Pompeo Pxenyanda Shimoliy Koreya Mehnatkashlar partiyasining rahbarlaridan biri, Shimoliy Korea razvedkasi sobiq direktori Kim Yon Chol bilan ko'rishmoqda, 7-iyul, 2018-yil

Shimoliy Koreyaga uchinchi marta borib qaytgan AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Pxenyandagi muzokaralarni samarali deb ta’riflamoqda. Yakshanba kuni Pompeo Tokioda Yaponiya va Janubiy Koreya tashqi ishlar vazirlari bilan ko’rishib, so’ng Vyetnamga yo’l oldi, bugun esa Kobulda.

Xalqaro hayot - 9-iyul, 2018-yil - Pxenyanga borgan Pompeo hamkorlikdan umidvor
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:23 0:00

Davlat kotibi lavozimida ishni yaqinda boshlagan Pompeo “idoramda ko’p o’tirmayman” degan edi. Shu hafta u Birlashgan Arab Amirliklari va Bryusselda bo’ladi. Kelasi dushanba kuni esa Xelsinkida Prezidentlar Donald Tramp va Vladimir Putin muloqotida qatnashadi.

Juma kuni Pxenyanda rasmiylar bilan uchrashgan Mayk Pompeoning aytishicha, Shimoliy Koreya yadro dasturini yopishga tayyor ekanini yana bir bor ta’kidlagan. Ushbu jarayonning keyingi qadamlari xususida atroflicha fikr almashdik, deydi u.

“Shimoliy Koreya dunyo ulardan nima xohlayotganini anglamoqda va bu juda muhim. Men ular bilan ochiq-oydin gaplashdim”, - dedi Pompeo.

Shimoliy Koreya matbuotiga ko’ra, Pxenyan AQSh talablarini so’zsiz bajaradi deb o’ylash xato. Oq uy bir tomonlama talablarga haqqi yo’q, deyiladi Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida. Ammo Pompeo hamkorlikdan umidvor.

“Shimoliy Koreya amerikalik harbiylar xokini qaytarish mavzusini muhokama qilish uchun iyul o’rtalarida Panmunjomda uchrashishga rozi bo’ldi. Raketa uchun dvigatellarni sinovdan o’tkazish obyektini ham yo’q qilishga tayyor ekanini bildirishdi”, - deydi Pompeo.

Unga ko’ra, Shimoliy Koreyani yadrodan xoli qilish tez va oson bo’lmaydi. Pompeo Oq uy ma’muriyati bu borada biror yutuqqa erisha olgani yo’q deya da’vo qilayotgan tanqidchilarga hujum qildi.

“Bu tanqidchilar erishilgan yutuqlarni ozaytirib ko’rsatishga harakat qilishini bilamiz. Koreya Respublikasi va Yaponiya kabi ittifoqchilarimiz hamda Prezident Tramp va men harakatsiz baraka bo’lmasligini bilamiz”, - dedi Pompeo.

Bu ikki davlat vazirlari AQSh davlat kotibining tinchlik yo’lidagi harakatlarini olqishladi.

“Uch vazir bugun majlis qilib, yarimorolni yadrodan xoli qilishga qaratilgan mushtarak maqsad uchun birdam ekanimizni ta’kidladik”, - dedi Janubiy Koreya Tashqi ishlar vaziri Kan Kyon Xva.

Bu jarayon yakuniga yetkazilmas ekan, Shimoliy Koreyaga qo’yilgan sanksiyalar bekor qilinmaydi, dedi vazirlar.

“BMT Xavfsizlik Kengashining tegishli rezolyutsiyalariga to’liq amal qilishda davom etamiz”, - dedi Yaponiya vaziri Taro Kono.

Xabarlarga ko’ra, Pompeoning Pxenyanga safari chog’ida Kim Chen Un Prezident Trampga maktub berib yuborigan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG