Breaking News

Pompeo yana Shimoliy Koreyaga yo'l oladi


AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Koreya yarimorolini yadrodan xoli zonaga aylantirishga doir muzokaralarni davom ettirish uchun payshanba kuni Shimoliy Koreyaga yo’l oladi. Pompeo Markaziy razvedka boshqarmasi direktori lavozimida ham bir necha oy oldin bu mamlakatda bo’lgan edi, rahbariyat bilan yaxshi tanish.

12-iyun kuni Singapurda Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan uchrashgan Prezident Trampning aytishicha, Kim yadroviy qurolsizlanishga jiddiy ahd qilganini aytgan. Biroq AQSh ravzedkasiga ko’ra, so’nggi kunlarda Pxenyan bir necha yadro inshootida faoliyatini kuchaytirgan.

“Sun’iy yo’ldoshlardan olingan tasvirlardan Shimoliy Koreya yadro inshootlari va raketa ishlab chiqaruvchi korxonalarini takomillashtirayotganini va kengaytirayotganini ko’rsa bo’ladi. Razvedkamiz nafaqat Yonbyon, balki boshqa yashirin inshootlarda yuqori boyitilgan uran yoki plutoniyni ishlab chiqarish kuchaytirilayotgani haqida ma’lum qildi”, - deydi Vashingtondagi Xeritij jamg’armasida Shimoliy Koreya bo’yicha ekspert, Markaziy razvedka boshqarmasi va harbiy razvedka sobiq xodimi Bryus Klingner.

Oq uy bu xabarlarni izohlashdan bosh tortdi.

“Biz razvedka ma’lumotlarini na tasdiqlaymiz va na inkor etamiz. Filippindagi elchimiz Kim San kecha Shimoliy Koreya delegatsiyasi bilan uchrashgan, Davlat kotibi Pompeo esa shu hafta bu mamlakatda bo’ladi. Muloqot davom etmoqda”, - deydi Oq uy matbuot kotibasi Sara Xakkabi Sanders.

Ba’zi tahlilchilarga ko’ra, Shimoliy Koreya rahbarlari o’tmishda yadro dasturiga doir sakkizta kelishuvni buzgan, yadro zaxiralaridan voz kechmasligini aytishgan. Klingnerning aytishicha, bu gal umid bor, garchi Pxenyan yana bir bor mug’ombirlik qilishi mumkin bo’lsa-da.

“O’tmish xatolaridan saboq olishimiz, yana bir puch bitimga uchmasligimiz kerak. Hozirgi kelishuv o’ta qisqa, o’ta mujmal bo’lib, Sovet Ittifoqi bilan qurol nazorati bo’yicha kelishilgan bitimlar kabi tafsilotli emas”, - deydi mutaxassis.

AQSh prezidentining yaqinda Moskvaga borib kelgan milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Jon Boltonning aytishicha, agar Pxenyan hamkorlikdan qochmasa, Shimoliy Koreya yadro arsenalidan bir yilda qutulish mumkin. Buning uchun kommunistik mamlakat barcha kimyoviy, biologik va yadroviy dasturlari hamda ballistik raketa uchiriladigan shaxtalarini oshkor qilishi zarur.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG