Breaking News

Tramp davrida jurnalistikaga bo'lgan ishonch yemirilmoqda


AQSh vazirining jurnalist bilan "bachkana" tortishuvi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:41 0:00

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning jurnalist bilan tortishuvi va undan keyingi voqealar Tramp ma’muriyati davrida erkin matbuotning roli yemirilib borayotgani haqidagi xavotirlarni oshirmoqda. Kuzatuvchilarga ko’ra, avtokratik rejimlar ham Vashingtondan o’rnak olishi achinarli hol.

Erkin matbuot himoyachilari AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoni keskin tanqid qilmoqda. Vazir intervyu ketidan “NPR” jamoat radiosi muxbiri Meri Luis Kellini so’kkan.

“Vazir demokratiyaga yarashmaydigan, bachkana harakat qilgan”, - deydi tahlilchi Al Tomkins.

Pompeoning da’vo qilishicha, suhbat faqat Eronni qamrab olishi kerak edi. Unga esa AQShning Ukrainadagi sobiq elchisi Mari Yovanovich qanday ishdan olingani to’g’risida savollar berilgan.

“Echini himoya qilganmisiz?”, - deb so’raydi jurnalist Pompeodan.

“Aytadiganimni aytib bo’ldim”, - deydi vazir jonli intervyuda.

Sobiq elchi Mari Yovanovich Trampni impichment qilish jarayonidagi muhim shaxslardan biri. AQSh rahbari o’z manfaati yo’lida Ukrainaga yordamni kechiktirganlikda ayblangan.

“NPR” jamoat radiosi muxbiri Meri Luis Kelli Pompeo suhbatdan keyin xonasiga chaqirib, uni so’kkani va haqorat qilganini aytmoqda.

Davlat departmenti bu ma’lumot fosh bo’lganidan norozi. Radio esa Ukraina bo’yicha savol berilmaydi deb oldindan kelishilganini inkor etmoqda.

Janjaldan keyin Mayk Pompeo Yevropaga jo’nab ketdi. “NPR” ning boshqa bir muxbiriga unga hamrohlik qilishga ruxsat berilmagan.

Jurnalistik tashkilotlar buni qasos olish harakati deb qoralamoqda. Davlat departamenti shov-shuvga hojat yo’q, deb hisoblaydi.

“Vazirning samolyotida ommaviy axborot vositalaridan vakillar ko’p”, - deydi departament vakili Brayan Xuk.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan o’tgan matbuot anjumanida Prezident Tramp Mayk Pompeoni maqtab qo’ydi.

“Haligi muxbir seni boplapti, Mayk. Sen ham bo’sh kelmabsan, qoyil”, - dedi Tramp hazilomuz ohangda.

AQSh rahbari o’ziga nisbatan har qanday tanqidni “soxta xabar” deb qoralaydi. Matbuotni esa xalq dushmani deb ataydi.

Bunday so’zlar avtoritar hukumatlarga qanday signal yuborishini tasavvur qilish qiyin emas.

“AQSh prezidenti va tashqi ishlar vaziri o’zini shunday tutsa, albatta, buning ta’siri bo’ladi. Erkinlik cheklangan jamiyatlarda buning besh battarini qila boshlashadi”, - deydi Al Tomkins.

Trampning matbuotga hujumlari unga siyosiy jihatdan qo’l kelsa-da, jurnalistikaga bo’lgan ishonchni yemirmoqda, deydi tanqidchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG