Breaking News

Saudiya Arabistoni Pompeoga nima dedi?


AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Riyodda Saudiya qiroli Salmon bilan uchrashmoqda, 16-oktabr, 2018-yil

Turkiya Bosh prokuraturasiga ko’ra, saudiyalik dissident jurnalist Jamol Qoshiqchi yoki inglizchada Hashoggi Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulligida qiynab o’ldirilgan. Rasmiy Riyod bu ayblovlarni inkor etmoqda.

Xalqaro hayot - 16-oktabr, 2018-yil - Saudiya Arabistoni Pompeoga nima dedi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:43 0:00

Vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Prezident Donald Tramp topshirig’iga ko’ra Saudiya Arabistoniga borib, qirol Salmon va valiahd shahzoda Muhammad bilan uchrashdi.

Agar ayblovlar tasdiqlansa, Tramp Saudiya Arabistonini sanksiyalar bilan jazolashini aytgan, Riyod javob choralari ko’rilishi haqida ogohlantirdi.

Dushanba kuni Istanbul politsiyasi qirollikning shahardagi konsullik xizmati binosiga kirib, uni ko’zdan kechirgan. Prezident Tramp Saudiya qiroli Salmon bilan gaplashganini aytib, jurnalistning o’limiga Saudiya hukumatidan beruxsat ish ko’rgan qotillar aloqador bo’lishi mumkinligini taxmin qildi.

“Qirol voqeadan bexabar ekanini aytdi. Balki haqiqatan bilmagandir. Xayolidan nimalar kechayotganini bila olmayman. Balki undan beruxsat bu ishga qo’l urganlar bordir. Tez orada buning tagiga yetamiz”, - dedi Tramp.


Ayrim xabarlarga ko’ra, qirollik rasmiylari Pompeo bilan uchrashuv chog’ida Jamol Qoshiqchi tergov paytida kutilmaganda jon bergan bo’lishi mumkinligiga iqror bo’lishini taxmin qilmoqda.

Demokrat qonunchilar Prezident Trampni Saudiya Arabistoni hukumatini himoya qilishga urinayotganlikda aybladi.

Senator Richard Blumentalning “Twitter”da yozishicha, Tramp muxbir o’limini mavhum qotillarga to’nkab, muqobil voqelikda yashayotganini, dalillarga ko’z yumib, Amerika qadriyatlarini pisand qilmasligini yana bir bor namoyish etdi.

Ba’zi kuzatuvchilar qirolning o’g’li, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon bilan yaqin aloqa o’rnatgan Tramp ma’muriyati u bilan munosabatlarni buzishni istamayotganiga ishora qiladi.

“Valiahd shahzoda hissiyotga berilib ish qilishini, xalqaro diplomatiya qoidalariga rioya qilmasligini, xalqaro bitimlar va qonunlarni hurmat qilmasligini yaxshi bilamiz”, - deydi Al-Jazira telekanali muxbiri Jamol Shayyal.

Agar Qoshiqchining o’limiga qirollik aloqador bo’lsa, G’arb sarmoyadorlari Saudiya Arabistonidan yuz o’girishi mumkinligi aytilmoqda.

“Agar Qo’shma Shtatlar qirollikni aybdor tutsa, buning oqibatlari Saudiya Arabistoni uchun jiddiy bo’lishi aniq”, - deydi moliyaviy tahlilchi Kris Bosham.


O’tgan yili Saudiya Arabistonidan Amerikaga qochgan jurnalist “Vashington Post” gazetasida sharhlar yozib turardi. Uning konsullik binosiga kirishganini ko’rishgan, ammo chiqqaniga dalil yo’q.

Amerikaning Google, Uber, Ford, Viacom kabi yirik kompaniyalari Jamol Qoshiqchining yo’qolganini Saudiya hukumatiga bog’lab, kelasi hafta Riyodda o’tishi kutilayotgan yirik savdo va moliyaviy anjumanda qatnashmasliklarini bildirishdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG