Breaking News

Pompeo Trampning Tolibon bilan muzokaralarni to'xtatish qarorini olqishladi


Mayk Pompeo

Afg’onistonda Tolibon hujumi ketidan AQSh Prezidenti Donald Tramp Qo’shma Shtatlar va Tolibon o’rtasidagi tinchlik muzokaralarini to’xtatishni buyurdi.

Xalqaro hayot - 9-sentabr, 2019-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:08 0:00

Trampning aytishicha, jangarilar hujumi Afg’oniston prezidenti va Tolibon rahbarlarining Amerikada pinhona uyushtirilayotgan uchrashuvini ham yo’qqa chiqardi. AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha, toliblar bilan muzokara qilgan diplomatlarga jarayondan chiqish buyurilgan.

5-sentabr kuni Kobulda avtomobilga o’rnatilgan bomba portlashida 12 odam, jumladan, amerikalik bir askar o’lgach, Tramp Tolibon bilan Qatardagi muzokaralarni to’xtatishga qaror qildi.

“Rejani to’g’ri amalga oshirishimiz kerak. Bir tomondan, Amerika milliy xavfsizlik manfaatlarini himoya qilishimiz, Afg’onistondan turib AQShga qarshi terror hujumi yana bo’lmasligini ta’minlashimiz zarur. Ikkinchi tarafdan esa, salkam 20 yillik urushga chek qo’yib, behudaga pul sarflashni va askarlarimiz qoni to’kilishini bas qilishimiz kerak”, - dedi Davlat kotibi Mayk Pompeo.

Qo’shma Shtatlar bir necha oydan beri Tolibon bilan tinchlik bitimiga kelishishga harakat qilayotgan edi. Kelishuvdan asosiy maqsad AQSh qo’shinlarini Afg’onistondan chiqarish bo’lgan, biroq toliblar muzokaralar bilan bir paytda xurujlarga zo’r berdi.

“Shartnoma loyihasiga kelishilganidan so’ng Tolibon hujumlarini bas qilsa, katta yutuqqa erishgan bo’lardik. Biroq Doxadagi kelishuv ketidan toliblarning qo’lga yana qurol olgani ularning tinchlik haqidagi niyati samimiy ekanini shubha ostiga qo’ydi”, - deydi Kobuldagi Amerika universiteti raisi Deyvid Sedni.

Prezident Tramp AQSh hukumatining Merilend shtatidagi “Kemp Deyvid” qarorgohida Afg’oniston prezidenti va Tolibon rahbariyati o’rtasida rejalanayotgan maxfiy muloqot bekor qilinganini “Twitter” orqali ma’lum qildi.

Afg’oniston hukumati Tolibon bilan muzokaralar to’xtatilganini olqishladi.

“Prezident Trampning muzokaralarni to’xtatish haqidagi qarori Afg’oniston hukumati tashvishlarini aks ettirdi”, - deydi Prezident Ashraf G’ani matbuot kotibi Sodiq Sidiqqiy.

Pompeoning aytishicha, toliblarning zo’ravonliklarga moyilligi ko’p oylik muzokaralarni chippakka chiqardi.

“Prezident Tramp bunday xulq-atvorga ortiq toqat qilmasligini aytdi”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG