Breaking News

Pompeo: AQSh Xitoyga qattiqroq siyosat qo'llashda davom etadi


AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Tramp ma’muriyatining Xitoyga nisbatan siyosati xususida fikr bildirdi:

“Xitoy bilan oldingiday ko’r-ko’rona muomala qilish bilan ish bitmaydi endi. Bunday siyosatdan voz kechib, unga qaytmasligimiz kerak. Prezident Tramp Amerika iqtisodiyoti va hayot uslubimizni himoya qiladigan strategiya kerakligini aniq qilib tushuntirdi. Erkin dunyo zulmning yangicha ko’rinishi ustidan g’alaba qilishi kerak”, - dedi Pompeo.

Xalqaro hayot – 24-iyul, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:31 0:00

AQSh davlat kotibiga ko’ra, Xitoy bilan eskicha ish qilish Amerika kompaniyalari va kinosanoati tomonidan Xitoyga nisbatan o’z-o’zini senzura qilishga olib keldi. Kommunistik tuzum esa bu o’rtada Xitoyda va Gonkongda inson huquqlarini poymol etishda davom etdi.

Pompeoning aytishicha, Xitoy global hukmronlikka intilarkan, o’z aholisini tobora avtoritar usul bilan boshqarmoqda, xorijdagi erkinliklarga esa yovuz ko’z bilan qaramoqda.

AQSh hukumati Xitoyni josuslik va intellektual mulkni o’g’irlashda ayblarkan, unga Xyustondagi konsullik xizmatini yopishni buyurdi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Van Venbin bunday da’volarni tuhmat va ikki davlat o’rtasidagi do’stlik ko’prigiga zarar deb atadi.

“Kommunistik Xitoy bilan ish qilganda Xitoy rahbarlarining gapiga emas, amaliga qarash kerak. Hozirgi siyosatimiz mana shu xulosa asosida amalga oshirilmoqda. Prezident Reygan o’z vaqtida Sovet Ittifoqiga ishonish kerak, ammo aytilgan gapini tekshirib turish kerak, degan edi. Xitoy Kommunistik partiyasiga kelganda, biz ham ishonmaymiz, ham tekshirib turamiz”, - dedi Pompeo.

Vashingtondagi Rend Korporatsiyasi tahlil markazida Xitoy bo’yicha mutaxassis Timoti Xit Vashingtonning hozirgi siyosatidan ajablanmasligini aytadi.

“Ota Prezident Jorj Bush paytidan beri Xitoyga nisbatan qattiqroq siyosat yuritilayotganini kuzatyapmiz. Bunday siyosat ikki davlat o’rtasidagi kuch-qudratdagi farqning qisqarayotganiga, haqiqiy raqobat ketayotganiga taqaladi”, - deydi ekspert.

Pompeo boshqa davlatlarni ham Xitoyga qarshi qattiqroq turishga chaqirmoqda, biroq, deydi ekspertlar, bu oson emas.

“Ko’p mamlakatlar Xitoy bilan savdoga tobe. Ular uchun bu masalada Amerika tarafiga o’tish, Amerikaning qattiqroq siyosatini qo’llab-quvvatlash oson emas”, - deydi Timoti Xit.

Unga ko’ra, AQShdagi har ikki yirik partiya arboblari Xitoyga nisbatan qattiqroq turish siyosatini, ayniqsa intellektual mulkni o’g’irlash, Gongkongga yondashuv masalasida qo’llab-quvvatlamoqda. Noyabrdagi saylovdan so’ng ham bunday siyosat o’zgarmaydi, deydi Xit.

“Demokratlardan prezidentlikka nomzod Jo Bayden Xitoyga qarshi qattiq gapiradi. Saylovda kim yutishidan qat’i nazar Tramp ma’muriyatining Xitoyga nisbatan hozirgi siyosati davom etadi deb o’ylayman”, - deydi tahlilchi.

Bunday siyosat AQShga qanday naf berishini esa vaqt ko’rsatadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG