Breaking News

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo 5-6 yanvarda O'zbekistonda bo'ladi


Pompeo Toshkentda Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan, Nur-Sultonda esa Prezident Qosim-Jo'mart Tokayev va Qozog'istonning birinchi rahbari Nursulton Nazarboyev bilan uchrashadi.
Pompeo Toshkentda Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan, Nur-Sultonda esa Prezident Qosim-Jo'mart Tokayev va Qozog'istonning birinchi rahbari Nursulton Nazarboyev bilan uchrashadi.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo kelasi oy Yevropa va Markaziy Osiyo bo'ylab safar qilishi haqida ma'lumot berdi. 2-yanvar kuni yo'lga chiqayotgan Pompeo besh mamlakatda bo'lib qaytadi. Bular Ukraina, Belarus, Qozog'iston (4-5-yanvar), O'zbekiston (5-6-yanvar) va Kipr.

Pompeo Toshkentda Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan, Nur-Sultonda esa Prezident Qosim-Jo'mart Tokayev va Qozog'istonning birinchi rahbari Nursulton Nazarboyev bilan uchrashadi.

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligining ma'lum qilishicha, 6-yanvar kuni Pompeo Toshkentda "Markaziy Osiyo-AQSh" yoki "C5+1" shaklidagi majlisda qatnashib, mintaqa tashqi ishlar vazirlari bilan mintaqaviy hamkorlik, chegara xavfsizligi, Afg'onistonni Markaziy Osiyoning savdo va transport tizimlariga qo'shish masalalari xususida fikr almashadi.

Bu so'nggi olti oyda guruhning ikkinchi shunday majlisidir. "C5+1" guruhi 2015-yilda tuzilgan bo'lib, mintaqa muammolariga hamkorlikda yondashuvni ko'zlaydi.

Mirziyoyev uch yil oldin Islom Karimov o'limidan so'ng prezidentlikka kelganidan beri AQShning O'zbekiston bilan aloqalari yaxshilanmoqda.

Vashington O'zbekistondagi siyosiy va iqtisodiy islohotlarni olqishlab keladi. Xususan, siyosiy mahbuslarning ozod etilganini, matbuot uchun nisbatan erkin muhit yaratilganini, bolalar mehnati va majburiy mehnat bilan bog'liq muammolarga jiddiy e'tibor berganini, O'zbekistonni xalqaro bozorlar va xorijiy sarmoya uchun ochilganini.

2018-yil mayida AQSh Prezidenti Donald Tramp Mirziyoyevni Oq uyda qabul qilgan.

Davlat departamentining ismini oshkor etishni istamagan rasmiylaridan biriga ko'ra, Qo'shma Shtatlar Qozog'iston va O'zbekiston biror mamlakatga savdo va iqtisodiy taraqqiyot bobida qaram bo'lib qolmasligi uchun dunyo iqtisodiyotiga ulanishida yordam bermoqda.

"Qozog'iston ham, O'zbekiston ham inson huquqlari va iqtisodiy ochiqlik bobida katta qadam qo'ydi. Uzoq muddatli barqarorlik va farovonlikka yetaklovchi demokratik islohotlarni jadallashtirishga ularni da'vat etib kelyapmiz. Har ikki mamlakatni AQSh sarmoyalariga jozibador qiluvchi iqtisodiy islohotlar tarafdorimiz", - dedi rasmiy Davlat departamentida o'tgan brifingda.

Tramp ma'muriyati yaqinda Markaziy Osiyoga doir strategiyasi ustida ishni yakunlab, yaqin orada uni jamoatchilikka oshkor etmoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG