Breaking News

Bizneslar pandemiyadan keyingi yangi ish uslubiga tayyorlanmoqda


Pandemiyadan keyin biznes olamini kutayotgan o'zgarishlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:06 0:00

AQSh va boshqa davlatlar asta-sekin koronavirus bilan bog’liq cheklovlarni bekor qilar ekan, bizneslar yangi sharoitni o’rganish va unga moslashish harakatida. Ayrim ish uslublari va qoidalar normaga aylanishi kutilyapti.

Biz vaqtincha deb qabul qilgan o’zgarishlarning ta’siri iqtisodiyotda ham, kundalik hayotda ham uzoq muddatli bo’lishi mumkin.

Ikki oydan beri masofadan ishlash shuni ko’rsatdiki, ayrimlar o’z ishini uyidan ham samarali bajara oladi. Bu esa ofis sifatida ishlatiladigan inshootlarga talab kamayadi degani.

“Dunyoning ko’pgina moliyaviy markazlarida bo’lgani kabi Nyu-Yorkda ham ofisni ijaraga olish, bu yerda ishlash juda qimmat. Narxlar osmonda. Har qanday kompaniya uchun ijara va ofis xarajatlari birinchi o’rinda turadi. Agar bu xarajatni 20, 30, 40 foizga kamaytira olsangiz, ancha mablag’ tejaysiz”, - deydi “Monarx Kapital” moliyaviy firmasi rahbari Maykl Potter.

Ekspertlarning aytishicha, ofis maydonlariga talab kamaysa, lizing narxlari ham pasayishiga olib keladi. Bugun Nyu-Yorkda ofisning bir kvadrat metri uchun yiliga o’rtacha 750 dollar to’laysiz.

Karantin ko’pchilik o’z ishini masofadan turib ham muvaffaqiyatli bajara olishini ko’rsatdi. Bu degani, kompaniyalar endi ishchilarni ular qayerda bo’lishidan qat’i nazar yollashni ma’qul ko’rishi mumkin.

“Xodimlar masofadan ishlashi pul tejashga yordam beradi. Kompaniyalar endi nafaqat ofis xarajatlarini kamaytirishga, balki hayot arzonroq bo’lgan boshqa shtatlardan ham ishchi yollashga o’tsa ajabmas”, - deydi ko’chmas mulk bo’yicha mutaxassis Dmitriy Stasyuk.

Global pandemiya ketidan turli sektorlarda ish uslubi o’zgarishi kutilmoqda. Shuningdek, biznes etiketda ham o’zgarishlar kutavering, deydi ekspertlar. Konferensiyalar va biznes safarlar sezilarli darajada kamayadi, ayniqsa jismonan borish uncha muhim bo’lmasa.

“Olti, sakkiz, 10 kishi bilan virtual majlislar o’tkazyapman. Xorijdagi va AQShdagi mijozlar bilan ham masofadan turib samarali ishlashni, muloqot qilishni o’rganyapmiz. Har bir uchrashuv uchun samolyotga chiqishim shart emas. Safarga ketadigan vaqtni boshqa ishga sarflasa bo’ladi”, - deydi Makl Potter.

Safarlar kamayishi bunday mijozlarga tayanuvchi mehmonxonalar daromadiga ta’sir ko’rsatadi.

“To’g’ri, yuzma-yuz uchrashuvning o’rnini hech narsa bosa olmaydigan hollar bo’ladi. Boshqa vaziyatlarda bu muhim emas. Ayniqsa virtual uchrashuvlarga odatlangan yosh avlodga bu kerak emas. Biroq yoshi kattaroq mijozlarim bor. Ular xonada o’tirib gaplashishni so’raydi”, - deydi “Monarx Kapital” kompaniyasi rahbari.

Mutaxassislarning aytishicha, ish tartibi o’zgarishi, mehmonxonalar, ofis maydonlari va jamoat transportiga talab pasayishi pandemiyadan keyin korporsatsiyalarni kutayotgan ayrim o’zgarishlardir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG