Breaking News

Mirziyoyev islohotchi bo'ladimi yoki Karimov siyosatining davomchisimi?


O’zbekistonda Islom Karimov o’limidan so’ng vaqtincha prezidentlikni ado etayotgan Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev 4-dekabr kuni rahbarlikka saylansa, respublikaning tashqi va ichki siyosati qanday bo’ladi? Jorj Vashington universitetining Markaziy Osiyo dasturi O’zbekiston bilan shug’ullanuvchi amerikalik va o’zbek mutaxassislaridan mavzu bo’yicha o’z fikrlarini bildirishni so’radi.

“Sulaymon o’ldi – devlar qutuldi” iborasi hozirgi O’zbekistonga juda ham mos keladi. Islom Karimov o’limidan so’ng boshqaruvni o’z qo’liga olgan bosh vazir keng qamrovli islohotlarga qo’l urdi. Birinchi prezidentning hayotligida Mirziyoyev bunday islohotlar uchun eng kamida lavozimidan ayrilgan bo’lardi.

Mirziyoyev islohotchi bo'ladimi yoki Karimov siyosatining davomchisimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:31 0:00

Tahlilchilarning Jorj Vashington universitetida o’tgan tadbirda umumiy xulosasi deyarli o’xshash – o’zgarishlar ijobiy, ammo islohotlarning qanchalik uzoq va chuqur amalga oshirilishiga munosabat turlicha.

Mirziyoyevning mintaqaviy siyosatini tahlil qilgan “Ozodlik” radiosi muxbiri Bryus Panniyerning aytishicha, 8-sentabr kuni parlament tomonidan vaqtincha prezidentlikka tayinlangan bosh vazir barcha qo’shni mamlakatlar bilan aloqalarni yaxshilashga kirishdi.

Birinchi prezident davrida munosabatlar sovuq, chegaralar yopiq, viza tartibi mavjud edi. Karimovning mintaqa rahbarlari bilan shaxsiy aloqalari salbiy bo’lgani ham sir emas. Ularning hech biri bilan xusumatga ega bo’lmagan Mirziyoyev uchun muloqotni yo’lga qo’yish osonroq bo’ldi – Andijonga Qirg’izistondan, O’shga O’zbekistondan delegatsiyalar borib, aloqalarni yaxshilash, chegaralarni belgilash xususida muzokaralar boshlandi. Qozog’iston bilan yillar davomida natija bermagan chegara muammolari ko’rilmoqda, Tojikiston bilan temiryo’l aloqasi va aviaqatnovni tiklash, viza tartibini yumshatish, mintaqaviy savdoni kuchaytirish haqida muloqot kechmoqda.

AQSh Milliy mudofaa universitetida Markaziy Osiyo bo’yicha mutaxassis Rojer Kangasning aytishicha, yirik mamlakatlar bilan munosabatlarda O’zbekiston oldingi siyosatni davom ettirishi mumkin – pragmatik yondashuv, milliy manfaatlar va suverenitetga urg’u beriladi, harbiy va siyosiy ittifoqlarga va hatto iqtisodiy xususiyatlarga ega Yevrosiyo Ittifoqiga qo’shilmaydi.

O'zbekistonda o'zgarishlar mavzusiga doir izohlarga ehtiyotkorlik bilan yondashgan bo'lardim. Biz hozir yangi ma'muriyatning 50 kuniga qarab baho beryapmiz. Iqtisodiy islohotlar, kengroq liberalizatsiya, chegara hududlari o'rtasidagi, qo'shni davlatlar bilan aloqalar yaxshilanishiga qarab xulosa chiqargan bo'lardim. Mana shu islohotlarni saqlab qolish - eng asosiy vazifa, chunki biz uzoq yillik siyosatni o'zgartirish yoki undan qaytish haqida gapiryapmiz”, - deydi Kangas.

AQSh bilan aloqalarga kelganda, deydi Kangas, 2005-yil Andijon voqealaridan so’ng o’rtaga tushgan sovuqchilik hali beri barham topmaydi. Mamlakatlarning bir-biriga shubha bilan qarashi davom etadi, deydi u.

Rojer Kangas AQSh ayni shu pallada demokratiya bobida O’zbekistonga namuna bo’la olmasligini tan oldi.

Qo'shma Shtatlar rasmiylari boshqa mamlakatlarga borib, ular bilan demokratiya haqida gaplashsa-yu, Amerika demokratiyasini targ'ib qilsa-yu, lekin o'zida hozirgidek jirkanch bir saylov jarayoniga, nomzodlarning misli ko'rilmagan darajada bir-biriga hujumlariga guvoh bo'lsak, bu biz uchun muammo. Ammo umid qilamanki, saylov o'tganidan so'ng yutgan tomon yutqazgan tomon bilan murosa qilib, jamiyat yana birlashadi, axir tariximizda buni bir necha bor ko'rganmiz”, - deydi tahlilchi.

Kangasga ko’ra, Mirziyoyevning tashqi siyosatda tajribasi bo’lmagani uchun asosiy urg’u ichki siyosatga beriladi.
So’nggi haftalarda ichki siyosatda katta o’zgarishlarni ko’rish mumkin – chorak asr davomida faoliyati qonun tomonidan tartibga solinmagan militsiya haqida qonun qabul qilindi, ma’muriy tekshiruvlardan holsizlangan kichik bizneslar va xususiy tadbirkorlar huquqlarini himoya qiluvchi prezident farmoni imzolandi, bosh vazirning virtual qabulxonasi xalq uchun o’z dardini to’kadigan joyga aylandi, korrupsiyaga qarshi kurash haqida gapirila boshlandi.

Huquqshunos Dilorom Abdullayeva bu o’zgarishlarning dekabr saylovlaridan so’ng ham davom etishiga umid bildirib, hukumatni qonun ustuvorligini ta’minlashga, Konstitutsion sud mustaqilligini oshirishga, advokatlik tizimini kuchaytirib, himoyachilarni davlat apparati bosimidan himoya qilishga chaqirdi.

Bryus Panniyer paxta terimida majburiy mehnat saqlanib qolayotganini aytib, muxolifat a’zolari va islomiy ekstremizmda ayblanib qamoqqa tashlangan odamlarning uylariga reydlar uyushtirilayotganidan xavotir bildirdi. Unga ko’ra, bu Mirziyoyevning saylovdan oldin hukumat tanqidchilariga o’ziga yarasha ogohlantirishi bo’ldi.

Tahlilchilar yangi hukumat yerni xususiylashtirish masalasini ko’tarmasligini taxmin qildi. Ekspert Aziz Xasanovning aytishicha, bu qisman suvning tanqisligi bilan ham bog’liq – dehqonga quruq yerning keragi yo’q.

Yana bir mutaxassis Murod Ahmedov esa xorijiy valyutani ayirboshlash kurslarini tenglashtirib, bir qilish zaruratiga urg’u berdi. Konvertatsiya va banklarda naqd pul muammosi iqtisodiyot va tadbirkorlik yo’lidagi eng katta to’siqlardan ekani aytildi.

Prezident Mirziyoyev islohotchi bo’ladimi yoki Karimov siyosatining davomchisimi – hozir ko’pchilikni qiynayotgan savol mana shu.

  • 16x9 Image

    Odil Ruzaliev

    Odil O'zbek xizmatiga 2005-yilda kelgan. Diktor va prodyuser. AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) xalqaro aloqalar sohasida magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekiston TV 1-kanalida ingliz tilidagi yangiliklar – FCN (First Channel News) – ko'rsatuvining muallif-boshlovchisi edi. "Axborot" dasturida mehnat qilgan. Odil ko'p yillar AQShning Toshkentdagi elchixonasi axborot bo'limida ishlagan. O'zbek, ingliz va rus tillarida chop etilgan qator maqolalar muallifi. Farg'ona shahrida tug'ilgan.

    Odil Ruzaliev is a reporter, radio and TV anchor, web editor and producer for Voice of America’s Uzbek Service since 2005. Prior to joining VOA, he worked at the State Radio and TV of Uzbekistan, BBC International’s Central Asia region, and was a regular Contributor for CNN World Report. He has also worked as an Information Assistant at the US Embassy in Tashkent, Uzbekistan. He was the creator and host of the TV program First Channel News, Uzbekistan’s first English language news broadcast. In his spare time he is a freelance photographer. A native of Ferghana Valley, Uzbekistan, Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. In addition, he was an exchange student at Pace University in New York City and holds a master’s degree in international affairs from the Fletcher School of Law and Diplomacy at Tufts University in Medford, Massachusetts.

XS
SM
MD
LG