Breaking News

Merilendda o'g'itni zararsizlantirish texnologiyasi yaratildi


Yirik sanoat katta hajmda chiqindiga sabab bo’ladi. Qishloq xo’jaligi bundan mustasno emas. Fermalarda chorva chiqindilari ekologiyaga salbiy ta’sir qilgani bilan o’g’it vazifasini ham bajaradi.

Merilend shtati mutaxassislari chorva chiqindilaridan foydali elementlarni ajratib olishda yordam beradigan texnologiya ustida ishlamoqda.

Merilend universitetida izlanish olib borayotgan Li Bleynining laboratoriyasiga kirsangiz, burningiz tovuqxonaning isini ilg’aydi.

“Tovuq go’ngida axlatdan tashqari hazm bo’lmagan ozuqa, parranda patlari yoki tuproq bo’lishi mumkin”, - deydi Merilend universiteti muhandisi Li Bleyni.

Go’ng tarkibida azot, fosfor va kaliydek o’simliklar uchun muhim elementlar bo’ladi. Fermer va dehqonlar parranda go’ngidan ekinlarni o’g’itlashda foydalanishadi.

Biroq muammo shundaki, ekinlar sug’orilganidan so’ng bu moddalar daryolar va ko’llarga oqib tushib, ko’p miqdorda kislorod iste’mol qiluvchi va toksin ishlab chiqaruvchi suv o’tlariga ozuqa beradi. Natijada bu o’simliklar atrofidagi baliqlar nobud bo’ladi.

Agar fermer go’ngdan o’g’it sifatida foydalanishni xohlamasachi?

“Parranda go’ngi axlatga tashlansa, u bilan ko’plab foydali ozuqa moddalari ham ketadi”, - deydi ekspert.

Bleyni nazarida, go’ngni qayta ishlash kerak. AQSh Milliy fanlar jamg’armasi bir guruh mutaxassislarga go’ngdan ozuqa moddalarini ajratib oladigan texnologiyani yaratishda va uni bozorga chiqarishda yordam berdi.

“Bir tomondan, atrof-muhitni himoya qilyapmiz, ikkinchi tomondan esa fermerlarga qo’shimcha pul ishlashga imkon beryapmiz”, - deydi yangi texnologiya tepasida turgan Bleyni.

Buning uchun parranda go’ngi suyultirilib, idishlarga joylanadi. Unga solingan kislota va karbon dioksidi ozuqa moddalarini ajratib, suvga tushiradi, qattiq qoldiqlar esa chiqarib yuboriladi.

“Shunday keyin bu suvga havo yo’naltirib, ishqor qo’shamiz va pH (p-ash) miqdori yoki eritmadagi vodorod ionlari faolligini oshiramiz. pH-9 (p-ash) ga yetganda hosil bo’ladigan cho’kindi struvit deb nomlanuvchi fosfat mineralining molekulasini beradi”, - deydi olim.

Struvit sekin-relearli o’g’it bo’lib, fermerlar uni sotishi mumkin.

Go’ngdan ajratib olingan qattiq qoldiqlarni esa qayta ishlatish mumkin, chunki ular uglevodlarga boy bo’lib, tuproqda ozuqa moddalari va suv tarkibini oshirishga yordam beradi.

Bunday texnologiyadan fermerlarga ham, xaridorlarga ham, atrof-muhitga ham foyda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG