Breaking News

Mahbuslar qamoqxonada oliy ta'lim olmoqda


Qamoqxonada oliy ta'lim olgan Rena Sard

2012-yil Rena Sard besh yilga ozodlikdan mahrum qilindi. O'shanda uning yoshi 47 da edi.

"Besh yil umrimni zoye qilishni istamadim. Har bir imkoniyatni nimadir samarali ishga sarfladim. U mening yaxshiroq inson bo'lishimga hissa qo'shishi kerak edi", - deydi u.

Sard Gaucher qamoq ta'limi bo'yicha hamkorlik dasturiga qo'shildi. Bu dastur asosida Baltimor yaqinidagi Gaucher kollejida o'qish uchun qabul qilindi. O'quv yurti mahbuslarga qamoqxonada turib oliy ta'lim darajasini olish imkoniyatini beradi.

Ammo bu oson emas.

Besh yil davomida Sard har kuni ertalab 4:30 da uyg'ondi. Nonushta qilib, avvaliga qamoqxonadagi ruhiy kasalliklar klinikasida ishladi. Keyin kollej darslarida qatnashdi.

O'tgan yili yanvarda u qamoq muddatini tugatib ozodlikka chiqdi. Bahorda u kollejda o'qishini tamomlab, diplom olishi kutilyapti.

Sard bu muvaffaqiyatlar uchun qamoqxonadagi ta'lim dasturidan minnatdor.

"Bu dastur juda yomon vaziyatni eng yaxshi imkoniyatga o'zgartirdi", - deydi u.

Qamoqdan oliy ta'lim sari

Oliy ta'lim dasturi nafaqat ayollar qamoqxonasida, balki erkaklar tarbiyalandigan jazoni ijro etish muassasalarida ham yo'lga qo'yilgan. Besh yil davomida u orqali 100 ga yaqin mahbus tahsil oldi.

Ayol mahbuslar qamoqxonada dars olmoqda.
Ayol mahbuslar qamoqxonada dars olmoqda.

O'qishga kirish uchun haqiqiy qabul jarayonidan o'tish kerak. Talabgorlar kamida 12 yillik maktabni bitirgan bo'lishi lozim. O'qish uchun ariza topshirilgach, qabul imtihoni ham bo'ladi.

Daraja beriladigan yo'nalish faqat bitta: Amerikashunoslik. Lekin talabalar sotsiologiya, tarix va falsafa kabi har xil fanlarni o'qishlari mumkin.

Talabalar nega qamoqqa tushganlari yoki nima jinoyat qilganlari haqida aytishi yoki gapirishi shart emas. Lekin xohlashsa, darslarda bu mavzularni muhokama qilishlari mumkin.

Darslarni Gaucher kolleji yoki boshqa yaqin-atrofdagi universitet professorlari o'tadi. Bunday dasturlar AQShda ko'p emas. 1994-yilgi qonun mahkumlarning federal hukumatdan yordam olishini taqiqlab qo'ygan. Shundan beri qamoqxonadagilarning o'qishga topshirishi imkoniyati juda cheklangan. Gaucher kolleji tashkil etgan kurslar kabi dasturlar xususiy homiylar yordami bilangina ishlab kelayotgan edi.

Ammo o'tgan yili AQSh Ta'lim departamenti mahbuslar uchun ta'lim granti beradigan dasturni sinov tariqasida boshladi. Gaucher kolleji ana shu dastur uchun tanlab olingan.

Erkaklar qamoqxonasidagi talabalar
Erkaklar qamoqxonasidagi talabalar

Yomonlikdan yaxshilik sari

Sard kabi talabalar qamoqxonadagi ta'lim hayotlarini butkul o'zgartirib yuborganini aytadi.

"Bundan oldin o'zimga nisbatan hurmatim, ishonchim yo'q edi. Juda yomon bolalikni boshdan o'tkazganman. Do'zaxda yashagandek bo'lganman", - deya xotirlaydi Sard.

U qamoqxonadagi darslarda yaxshi baholar ola boshlagach, o'ziga ishonchi ortdi. Hayotda samaraliroq ishlar bilan band bo'la olishini tushundi.

Sard ozodlikka chiqquncha o'qishini tugata olmadi. Ammo erkinlikka chiqishi bilan Chezpik kollejida darslarni qolgan joyidan davom ettirdi. Bakalavr darajasini Salisburi universitetidan olishni rejalamoqda.

U ijtimoiy xizmat ko'rsatish sohasida ishlab, giyohvandlikka mubtalo bo'lganlarga yordam ko'rsatmoqchi.

Qamoqxonada ta'lim olgan Rena Sard
Qamoqxonada ta'lim olgan Rena Sard

Mahbuslar uchun boshqa dasturlar

Ozodlikdan mahrum etilganlarga ta'lim berishga qaratilgan boshqa dasturlar ham bor.

Nyu-York shtatidagi Otisvil qamoqxonasida Mahbuslarni qayta hayotga qaytarish instituti kollej darajasidagi darslarni taqdim etadi. Bu dasturni tamomlaganlarga oliy ta'lim darajasi faqat ozodlikka chiqqandan keyingina beriladi.

"Ataylab shunday qilingan, - deydi loyiha rahbari Bianka Vanheydorn. - Chunki ular qamoqda samarali vaqt o'tkazish bilan birga, ozodlikda haqiqiy o'qish muhitini ham ko'rishsin, dedik".

Bu dasturni bitirib ozodlikka chiqqanlarga kollej va universitetlarga kirishda ham yordam beriladi. Bu ishda ilmiy rahbarlar, kollej va universitetlarga kirgan sobiq dastur ishtirokchilari ko'maklashadi.

"Talabalarimizning 90 foizi bilan aloqadamiz. Uyiga borganlarning yarmi o'qishini davom ettirgan", - deydi Vanheydorn.

Uning aytishicha, 2002-yildan beri shu dasturda o'qigan 300 talaba universitet diplomini qo'lga kiritgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG