Breaking News

"Xususiy urush" - jurnalist burchi haqidagi kartina


Meri Kolvin rolini o'ynagan aktrisa Rozamund Payk

Amerika kinoakademiyasi ta'sis etgan “Oskar” sovriniga nomzodi ko’rsatilgan rejissyor Mett Xeyneman suratga tushirgan “Xususiy urush” kartinasi Britaniyaning “Sandi Tayms” gazetasida ishlagan amerikalik jurnalist Meri Kolvin haqida. Muxbir Shri-Lanka, Iroq, Suriya kabi qaynoq nuqtalarda ishlab, 2012-yil fevralida Suriyaning Hims shahrida qo’lbola bombadan nobud bo’lgan. “Xususiy urush” filmida Kolvinni nomzodi “Oskar”ga ko’rsatilgan aktrisa Rozamund Payk o’ynaydi.

“Xususiy urush” kartinasida aktrisa Rozamund Payk umrini dunyodagi mojarolarni yoritishga bag’ishlagan jasur, kuchli, qiziquvchan jurnalist qiyofasiga kiradi.

2001-yilda Shri-Lankada granatamyot o’qidan chap ko’zini yo’qotishiga qaramay, Meri Kolvin kasbidan voz kechmadi. Mojarolar ruhiy va jismoniy chandiqlar qoldirdi. Rozamund Payk muxbirning ichki kurashini aks ettirishga harakat qiladi.

“Meri sigaretasiz bir ish qilolmasdi. Suhbat qilsa ham, mashinada yursa ham chekardi. Shunga Meriga o’xshab, kashandalarcha chekishni, imo-ishoralarini o’rganishimga to’g’ri keldi. Barmoqlarining orasi kattagina edi. Ko’zidagi bog’ich bilan boshini qanday burishini ham mashq qildim. Bir ko’z bilan qaraganda nigohi insonni qanday teshishini o’rganishga to’g’ri keldi”, - deydi aktrisa.

Rejissyor Mett Xeynemanning aytishicha, Kolvin mavzuni yoritish uchun murakkab xarakteri, jasorati, shijoatini ishga soladi. 2012-yilda Suriyaning Hims shahriga bombalar yog’ilganida ham jurnalist qochib ketmadi.

“Meri Himsda Assad tuzumi qamalida qolgan 28000 odam kechinmalari haqida hikoya qilishni lozim topdi, chunki boshqa hech kim bu haqda xabar bermayotgan edi. Har doimgidek “mendan boshqa bu ishni kim qilishi mumkin” deb jonini jabborga berdi”, - deydi rejissyor.

Hujjatli filmlar olishga ixtisoslashgan rejissyor Mett Xeyneman o’z badiiy filmiga haqiqiy hayotni singdirmoqchi bo’lgan. Kolvin Iroqda ommaviy qabrga duch kelgan sahnada urush dahshatlarini o’z ko’zi bilan ko’rgan odamlar qatnashadi.

“Sahna so’ngida men suratga tushirgan har bir hujjatli filmda bo’lgani kabi kutilmagan voqea ro’y beradi. Odamlar qurbonlar ruhiga duo o’qiy boshladi”, - deydi Xeyneman.

Rozamund Payk ssenariyga kirmagan sahnani suratga olishda ham o’xshash voqeaga guvoh bo’ladi. Hims qamali paytida bolalari bilan bir uyda jon saqlayotgan qochqin ayol tarjimon orqali aktrisaga bomba portlashida bir farzandini yo’qotganidan so’ng suti qochib, omon qolgan go’dagini faqat suv va shakar bilan boqayotganini aytadi.

“So’ng ayol menga qarata “Bu gaplarim qog’ozda qolib ketmasin, bu yerda butun bir avlod o’lib ketayotganini, boshimga tushganlarni butun dunyo bilishini xohlayman” deb aytdi va uning bu gaplari kameraga yozildi”.

O’sha on, deydi Payk, muxbir Meri Kolvin nimadan ruhlanganini his etdim, jurnalistning vazifasi, qanday bo’lmasin, insonlar azob-uqubatlari haqida bong urish ekanini tushundim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG