Breaking News

Suriya kuchlari muxolifatni Idlibdan surib chiqarmoqchi


Idlib, Suriya

Suriya armiyasi va Eron himoyasidagi kuchlar Rossiya harbiy samolyotlari yordamida Idlib viloyatida muxolifatga qarshi yangi amaliyot boshladi.

O'tgan yili Xalab boy berilgandan beri Idlib Suriya rejimiga qarshi kurashayotgan kuchlarning so'nggi asosiy qarorgohi bo'lib qolayotgan edi.

Avvalroq Xalabni butunlay qo'lga kiritish uchun bu yerdagi jangarilar oila a'zolari bilan qo'shni Idlib viloyatiga ko'chib o'tishiga ruxsat berilgan.

Idlib 2015-yildan beri muxolif kuchlar qo'lida. Viloyatni tortib olish amaliyoti boshlanishi bilan shimoli-sharqdagi Hama viloyatida bir qator shaharlar ozod qilingan.

Assad kuchlari viloyatni havodan tinimsiz bombardimon qilayotgani aytiladi. Ozod Suriya armiyasiga qarashli Facebook sahifasida yozilishicha, Rossiya qiruvchi samolyotlari o'tgan 48 soat mobaynida tinimsiz hujumlar uyushtirib, ko'plab tinch aholi vakillari halok bo'lgan.

Suriyaning Idlib va Xims viloyatlari
Suriyaning Idlib va Xims viloyatlari

Xalab shimolida yashovchi suriyalik faol va jurnalist Ali Aljobirning aytishicha, Rossiya samolyotlari hujumlarni davom ettirmoqda, ammo Suriya rejimi askarlarining harakati sustlashgan.

"Abu Dali hududida Eron himoyasidagi Suriya kuchlari va muxolif guruhlar o'rtasida to'qnashuvlar bo'lib o'tdi. IShID ham Idlibda hujumlarini kuchaytirishga urinyapti", - dedi Ali.

Bu hudud "Al-Qoida" guruhidan ajrab chiqqan "Hayat Tahrir al-Shom" guruhi hamda Ozod Suriya armiyasiga aloqador kuchlar tomonidan nazorat qilinadi.

"Rejim Idlib viloyatini shia guruhlari yordamida qo'lga olmoqchi", - deydi "Jaysh al-Izza" guruhiga mansub qo'mondonlardan biri Mustafo Bakur.

Suriya rejimining yangi boshlagan amaliyotida asosiy maqsad strategik ahamiyatga ega Abu Aljur harbiy aeroportini qo'lga kiritish ekani aytilmoqda.

Ushbu inshoot shimoldagi eng yaxshi harbiy aeroport bo'lib, og'ir qiruvchi samolyotlarga mos uzun uchish yo'laklariga ega ekani aytiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG