Breaking News

Eronning yadroviy bitimga qaytish ehtimoli qanday?


Eronning Arakdagi og'ir suvda ishlaydigan yadro reaktori
Eronning Arakdagi og'ir suvda ishlaydigan yadro reaktori

Eron Yevropa Ittifoqining Tehron yadro dasturiga oid xalqaro bitimni jonlantirishga qaratilgan taklifiga javob berishi ketidan AQSh va Yevropa Ittifoqi uni o’rganishga kirishdi.

Xalqaro hayot - 18-avgust, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:46 0:00

AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Ned Praysning aytishicha, AQShning ushbu mavzu bo’yicha Eron bilan salkam bir yarim yil davom etgan bilvosita muzokaralarida gaplashish mumkin bo’lgan narsalarning barchasi gaplashib bo’lingan va endi kelishuvni jonlantirish vaqti keldi.

"Bu masalaga siyosiy nuqtai nazardan emas, milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan qarayapmiz. Bitimga birgalikda qaytishimiz Eron yadro dasturini doimiy va ishonchli tarzda cheklashning eng yaxshi va eng samarali yo’lidir”, - dedi rasmiy.

AQSh 2018-yilda sobiq prezident Donald Tramp qaroriga ko’ra bitimdan chiqib, sanksiyalarni Eronga qayta qo’ygan edi. Shundan keyin Tehron ham kelishuv ijrosini to’xtatib, yadro dasturini jonlantirdi. Tehron yadro quroli ustida ishlayotganini inkor etadi, dastur tinch maqsadlarga qaratilganini ta’kidlaydi.

Atom energiyasi bo’yicha xalqaro boshqarma rahbari Rafael Grossining aytishicha, Eronning hozirgi yadro dasturi 2015-yilgisidan farq qiladi.

“Buni hamma tan olyapti, birinchi navbatda eronliklarning o’zi. Ular yadro dasturi juda tez rivojlanayotganini, har tomonlama katta va ajoyib yutuqlarga erishishayotganini aytishyapti, dastur maqsadlari va salohiyati kengaymoqda”, - dedi u.

Eron bo’yicha bir mutaxassis Tehron yadro bitimiga qaytishidan umidvor.

“Yadroviy muzokaralar aprelda jonlanganidan beri men Tehrondagi manbalarim, ayrim rasmiylardan eshitgan eng optimistik gaplar bu. Muzokaralar shu qadar ko’p bo’ldiki, nechta davra o’tkazilganini esda ushlab turish qiyin. Balki 20 ta, balki 21 ta”, - deydi Vashingtondagi Yaqin Sharq institutidan Aleks Vatanka.

Unga ko’ra, Eron Rossiyaning Ukrainadagi urushi va uning oqibatlarini o’zi uchun qulay imkoniyat deb ko’rmoqda va sanksiyalardan har qachongidan tezroq qutulishni istaydi.

“Yevropadagi energiya inqirozi Eron uchun ko’proq neft sotish uchun yaxshi imkoniyatdir va ular bundan unumli foydalanmoqchi, chunki Eron pulga suv va havoday muhtoj”, - deydi ekspert.

AQSh Eron bilan yadroviy muzokaralar doirasida Eron qamoqxonalaridagi fuqarolarining ozod etilishiga ham erishmoqchi. Ulardan biri Siamak Namoziy bo’lib, Davlat kotibi Entoni Blinken nazarida u 2500 kundan beri qamoqda asossiz o’tiribdi.

Kongressning respublikachi vakili Maykl Makkolning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Eron bilan yangi yadroviy kelishuv doirasida hibsdagi amerikaliklarni ozod etishga ham kelishish kerak, 2015-yilgi ilk bitimdan farqli o’laroq.

“Bayden ma’muriyati Eronda garovda saqlanayotgan har bir amerikalikni vataniga qaytishini ta’minlashi lozim. Aybsiz bu amerikaliklar soxta ayblovlar bilan, oilasidan uzoqda, dahshatli sharoitlarda yillab qamoqda o’tirishdi”, - deydi qonunchi.

Eron matbuoti Tehron AQSh bilan mahbus almashishga tayyor ekanini bildirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG