O’tgan bir yil davomida dunyo bo’ylab norozilik namoyishlari kuzatildi. Gonkongdan Chiligacha, Sudandan Erongacha. 10 dan ortiq mamlakatlarda fuqarolar ko’chaga chiqib, turli turdagi muammolar yuzasidan shikoyat qilgan. Ushbu lavhamizda 2019-yildagi ayrim namoyishlarga to’xtalamiz.
Fransiyada “sariq nimchalar” nomini olgan harakat maoshlar oshirilishini, narxlar tushirilishini talab qildi.
Sudanliklar esa mamlakatni 30 yil boshqargan diktatorni hokimiyatdan ag’dardi.
Gaitida xalq prezident iste’fosini va poraxo’r amaldorlarning jazolanishini talab qildi.
Hindistonda esa musulmonlarni ajratib qo'yuvchi fuqarolik haqidagi yangi qonunga qarshi namoyishlar bo'lmoqda.
Gonkongda iyun oyida boshlangan namoyishlar hanuz davom etmoqda. Namoyishchilar shahar ma’muriyatini demokratiyani kengaytirishga chaqirmoqda.
Maktab o’quvchilari ham chetda qolmadi. Ular Greta Tunbergga qo’shilib, atrof-muhit muhofazasi uchun namoyish qildi.
Iroq, Livan, Ekvador, Eronda ham namoyishlar. Fuqarolar kattaroq erkinlik, ko’proq iqtisodiy imkoniyatlar, islohotlarni talab qilmoqda.
BMT bosh kotibi hukumatlarni o’z fuqarolari muammolariga e’tibor berishga chaqirdi.
“Odamlarda siyosatchilarga ishonch qolmagani ko’zga tashlanmoqda. Ijtimoiy muhofaza dasturlari zaiflashmoqda. Globalizatsiya va yangi texnologiyalar ko’p jamiyatlarda tengsizlikka yetaklamoqda”, - deydi Antoniu Guterrish.
Ba’zi hukumatlar muammolarni hal qilishga harakat qilmoqda, boshqalar esa namoyishlarni kuch bilan bostirmoqda. Iroq va Eronda xavfsizlik kuchlari qo’lidan yuzlab namoyishchi o’ldi.
Ko’p joylarda chiqishlar tinch bo’lgani bilan Fransiya, Chili, Ekvador, Boliviya va Gonkongda tartibsizliklar, talon-taroj kuzatilgan.
“Odamlarning tinch namoyish qilishga haqqi bor. Biroq hukumatlar ko’p hollarda haddan ortiq kuch ishlatmoqda, odamlarni asossiz qamamoqda, hatto o’ldirmoqda. Bu qonunga zid. Bunday qarorlar qabul qilayotgan rahbarlarni javobgarlikka tortish kerak. Namoyishchilar ham mas’uliyatliroq bo’lishi kerak”, - deydi inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Human Rights Watch” tashkilotining BMTdagi vakili Lui Sharbon.
Kuzatuvchilarga ko’ra, ko’plab namoyishlarda bir xususiyat ko’zga tashlanmoqda.
“Odamlar qo’rqmay qolgan. Qo’rquv to’sig’i yo’qoldi. Ko’chaga chiqishga, siyosatchilarni tanqid qilishga qo’rqishmayapti”, - deydi AQShning Nyu-Jersi shtatidagi Ratgers universiteti professori Umar Devachi.
Unga ko’ra, aksincha siyosatchilar xalq g’azabidan qo’rquvga tushgan. Namoyishlar, asosan, ijtimoiy sahifalar yordamida tashkillashtirilmoqda. Bu ham kuch, ham zaiflik deya ko’rilmoqda. Namoyishlarga barham berish uchun ayrim hukumatlar aloqa tarmoqlarini uzib qo’ymoqda.
“Hukumatlar internet o’chirilsa, odamlar uyusha olmasligini anglab yetgan. Ammo shunga qaramay ham namoyishchilar uyushmoqda”, - deydi Sharbon.
2020-yilda ham namoyishchilar harakatlari susayadiganday emas.
Facebook Forum