Puerto-Rikoda to'fondan keyingi vaziyat nihoyatda og'ir

  • Amerika Ovozi

Prezident Donald Tramp yaqinda kelgan to’fondan aziyat chekkan Puerto-Rikoga ulkan yordam va’da qilmoqda. Atlantika okeanidagi orolda 3,5 millionga yaqin odam yashaydi. Umumiy maydoni 9000 kvadrat kilometrga teng.

Puerto Riko AQShga qarashli hudud lekin o’z boshqaruvida ega. Orol Mariya to’foni ketidan elektr quvvati, ichimlik suvi va aloqa vositalaridan ayrilgan. Oziq-ovqat uzilgan. Yonilg’i va dori-darmon ta’minoti ham ishdan chiqqan.

“Mamlakatimizda vaziyat nihoyatda og’ir. Bunaqasi oldin bo’lmagan. Dahshatning o’zi hammayoq. Haqiqiy inqiroz holatidamiz”, - deydi doktor Viktor Grillo.

Oroldan chiqib keta olmay samolyot qatnovi yo’lga qo’yilishini kutib o’tirganlar juda ko’p. Ular orasida kasalmandlar, nogironlar talay.

“Muz degan narsa kerak. Dori-darmonlarimizga salqin joy zarur. Sharoit rasvo”, - deydi yo’lovchilardan biri.

Oq uy Puerto-Rikoga befarqlikda ayblanmoqda. Biror shtat bo’lganida yordam allaqachon yetib borgan bo’lar edi, lekin orol nazardan chetda.

“Biz har soatda katta miqdorda suv, ovqat va boshqa zarur narsalar yetkazayapmiz. Bu sizga Florida yoki Texas emas, darrov yetib borsak. Ko’maklashish qiyin hozirgi holatda. Bu vaqt va mablag’ talab qiladi. Okean o’rtasidagi orolga borishimiz kerak axir. Murakkabliklarni hisobga oling”.

Federal hukumat tanqid va bosim ostida Puerto-Rikoga madadni oshirishga harakat qilmoqda. Qidiruvchilar, xizmatchilar soni ko’paytirilgan. Vaziyat naqadar og’ir ekani tan olinmoqda.

“Favqulodda xizmat agentligidan, Mudofaa vazirligi va boshqa federal organlardan Puerto-Riko va Virgin orollarining AQShga qarashli qismiga madad ko’rsatishni yo’lga qo’yayapmiz”, - deydi Ileyn Dyuk, Ichki xavfsizlik bo’yicha vazir.

Puerto-Riko gubernatori Rikardo Rosello deydiki, Vashingtonni yordam bermaganlikda ayblash adolatdan emas. “Oq uy bilan aloqadamiz”, - deydi u. Prezident Tramp orol taqdiriga ko’z yummayapti.

“Aholimizga qayg’urishayapti va Prezident Tramp shaxsan o’zi g’amxo’rlik qilishga bel bog’lagan. Bu haqda menga bir necha bor aytdi. Men undan minnatdorman. Zudlik bilan yordam ko’rsata boshladi”.

Puerto-Riko birinchi navbatda port va aeroportlarni qayta ishga tushirishi kerak. To’fon yaqinlashar ekan, xavfsizlik choralari ko’rilishi kerak edi.

Tabiiy ofat hech narsa va hech kimni ayamaydi, deydi mutaxassislar, qancha tayyorgarlik ko’rmang, kuchli shamol va suv toshqinlari mislsiz zarar keltiradi, ayniqsa agar mitti orol bo’lsangiz.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG