Breaking News

Putinning Yevrosiyo siyosati: Rossiya eski shon-shuhratini tiklash niyatidami?


Sharqiy Ukrainada davom etayotgan siyosiy ixtilof Rossiyaga nisbatan xalqaro hamjamiyat e’tiborini oshirdi. Keng tarqalgan fikr shuki, Kreml Yevropa ittifoqiga yaqinlashish istagida bo’lgan Ukrainaning tanobini tortib qo’yish uchun sharqiy Ukrainadagi isyonchilarni qo’llab-quvvatlamoqda. Ayrim tadqiqotchilar esa Ukrainada g’arbparast muxolifatning hokimiyatga kelishi Rossiya rahbari Vladimir Putinning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqini tuzish rejalariga pand berganini aytadi.

Putin va Yevrosiyo, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:04 0:00
Yuklab oling

Ukrainada Prezident Viktor Yanukovich hokimiyatdan ag’darilgach, nafaqat Kiyev va Moskva o’rtasidagi munosabatlar, balki Rossiya hamda G’arb aloqalari ham keskin sovuqlashdi.

Ukrainada rahbar o’zgarishidan ko’p o’tmay, Rossiya shoshilinch referendum o’tkazib, Qrimni o’z tarkibiga qo’shib oldi. Ukraina sharqida, Rossiyaga chegaradosh viloyatlarda esa Kiyevga qarshi isyon boshlandi. G’arb nazarida, Ukrainadagi beqarorlikda Kremlning qo’li bor. Rossiya bu iddaolarni inkor etadi.

Amerika Tashqi siyosati Kengashi tadqiqotchisi Stiven Blank (Stephen Blank) tahlilicha, Putinning maqsadi Rossiya imperiyasining eski shuhratini qayta tiklashdir.

“Janob Putinning Yevrosiyo ittifoqi bo’yicha olib borayotgan siyosati sobiq Sovet ittifoqi respublikalarini Moskva rahnamoligi ostida qayta birlashtirishdan iborat”, - deydi u.

Tahlilchiga ko’ra, Rossiya allaqachon urush holatida va bu holat kelajakda ham davom etadi. Urush faqat harbiy qurollar orqali olib borilmaydi; Moskva iqtisodiyot, diplomatiya va axborot sohalarida ham jang qilmoqda, deydi u.

Sovet ittifoqi qulagandan so’ng, sobiq kommunist o’lkalarning an’anaviy yaqinligini saqlab qolish maqsadida Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi tuzildi.

Ammo bu yangi uyushma ko’zlangan maqsadlar sari yetaklamadi; u nomiga faoliyat yuritdi, deydi Vashingtondagi Xadson instituti (Hudson Institute) tadqiqotchisi Richard Vayts (Richard Weitz).

“Putin 90-yillar oxirida hukumat tepasiga kelgach, sobiq sovet respublikalari orasida samarali ishlaydigan yangi tashkilot tuzish harakatiga tushdi. U bu ishni 2002-yilda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotini yangilash bilan boshladi. Tomonlarning iqtisodiy siyosatini ham umumiylashtirish istagi Bojxona ittifoqining tug’ilishiga olib keldi. Ammo bu tashkilot ham kutilgandek yaxshi ishlamadi”, - deydi Vayts.

Tahlilchiga ko’ra, davlatlarning iqtisodiyot va xavfsizlikka oid siyosatlarida jiddiy tafovutlar ko’zga tashlandi. To’la ma’nodagi ittifoq qurish yo’li bilangina bu farqlarni yo’qqa chiqarish mumkin, ammo a’zo davlatlar bunday ittifoqda Rossiyaning gegemon davlatga aylanishidan xavotirda, deydi Vayts.

Kreml har qanday ittifoq o’zaro manfaatlarga asoslanadi deya da’vo qiladi. Aslida esa u nazorat mexanizmi yaratish harakatida, deydi Svante Kornel (Svante Cornell), Jons Xopkins universiteti qoshidagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti yetakchi mutaxassisi.

“Putin va uning hukumati geografik ustunlik va imkoniyatlardan unumli foydalanmoqchi. Turli davlatlarga nisbatan turli xil ko’rinishdagi bosim vositalarini ishlatadi. Rossiya qayerda zaiflik yoki bo’shliq ko’rsa, bosim o’tkazishga urinadi”, - deydi tadqiqotchi.

Kornelga ko’ra, Kreml ixtiyorida zo’ravon diplomatiya, shantaj, yuqori lavozimli rasmiylarni sotib olish, muxolif kuchlarni qo’llab-quvvatlash, iqtisodiyot va energiya urushi, kiberxurujlar hamda axborot propagandasi kabi bosim o’tkazish qurollari mavjud.

Rossiya G’arbda lobbichi guruhlar, rossiyaparast nodavlat tashkilotlar hamda tadqiqotchi va jurnalistlarni moliyalash uchun har yili millionlab dollar mablag’ sarflamoqda, deydi u.

Londondagi Chatam tadqiqot markazining Rossiya va Yevrosiyo dasturini boshqargan tadqiqotchi Jeyms Sher (James Sherr) fikricha, Sovet ittifoqi qulagandan beri o’tgan 20 yil davomida Rossiya o’z xavfsizligini qo’shni davlatlarning cheklangan mustaqilligida ko’rib kelgan. Ukrainaga nisbatan ham shunday yondashuv mavjud, deydi u.

“Yevropa standartlarining Ukraina tomonidan muvaffaqiyatli qabul qilinishi Moskvaga to’g’ridan to’g’ri tahdid sifatida qabul qilinadi. Rossiyada Putindan avval ham shunday fikr bo’lgan. Putin esa Ukraina masalasiga shaxsiy muammo sifatida qaray boshladi. Ikkinchidan, u Ukrainaga nisbatan bosim o’tkazishda KGB metodologiyasidan foydalanish yo’liga o’tdi. Bunday usullar hozir Rossiya siyosatining ajralmas qismiga aylangan”, - deydi tadqiqotchi.

Rossiyaning Ukraina ichki ishlariga aralashishi Bojxona ittifoqining Markaziy Osiyodagi yirik a’zosi Qozog’istonni ham tashvishga sola boshladi. Shimolda Rossiya bilan chegaradosh bu o’lka ko’p sonli rus aholiga ega.

Ukraina mojarosi boshlanmasidan avval ham Ostona Bojxona ittifoqiga siyosiy tus bermaslik kerak deb qayd etib kelgan, deydi Jon Deyli (John Daly), mintaqani uzoq yillardan beri o’rganib kelayotgan yana bir mutaxassis.

“Rossiya Qrimni qo’shib olganidan bir hafta o’tib Prezident Nazarboyev siyosiy mustaqillik ilohiy ne’mat ekanini va Qozog’iston o’z suverenitetini hech kimga berib qo’ymasligini ma’lum qildi. Keyinroq esa, agar Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi shartlariga to’la amal qilinmasa, Qozog’iston undan chiqish huquqiga ega ekanini bildirdi. Oradan ikki kun o’tib prezident Putin yoshlar forumida Nazarboyev shaxsi haqida gapirib, uni maqtash davomida Qozog’iston o’z tarixida davlatchilikka ega bo’lmaganini eslatib o’tdi. Bu go’yoki Nazarboyevning Iqtisodiy ittifoqqa nisbatan salbiy gumon qilgani uchun ogohlantirishdek yangradi”, - deydi tahlilchi.

Yana bir ekspert Mamuka Tsereteliga ko’ra, Rossiya yangi tahdidlarga qarshi harbiy salohiyatini kuchaytirish niyatida ekanini yashirmayapti.

“Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bir necha kun avval BMTda qilgan nutqida mintaqada yuzaga kelgan o’zgarishlarga javob bera oladigan yangi Yevro-Atlantika siyosiy-harbiy tizimini yaratish taklifi bilan chiqdi”, - deydi u.

Tseretelining aytishicha, Rossiya nafaqat sobiq Sovet ittifoqi hududiga, balki undan tashqaridagi mamlakatlarga ham ta’sir o’tkazish yo’lidan borishi aniq.

Jons Xopkins universitetida kechgan ilmiy anjumanda gapirgan tadqiqotchilar xulosasiga ko’ra, Rossiyaning ko’hna shuhratini tiklashga qaratilgan urinishlari so’nggi bir necha yilda paydo bo’lgan voqelik emas. 90-yillar oxirida Putinning hokimiyatga kelishi bu jarayonni tezlashtirdi, xolos.

Ukrainada boshlangan siyosiy inqiroz Putinning asl maqsadlarini dunyoga fosh qildi, deydi tahlilchilar. Bu esa Qozog’iston va Belarus kabi Rossiyaning sodiq hamkorlarini yanada hushyor bo’lishga undamoqda.

  • 16x9 Image

    Behzod Muhammadiy

    Behzod Muhammadiy AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari bilan nom qozongan. 

XS
SM
MD
LG