Breaking News

Vladimir Putin yillik matbuot anjumanini o'tkazdi


Russia Putin
Russia Putin

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin yil oxirida bo’ladigan an’anaviy yillik matbuot anjumanida mahalliy va xorijiy muxbirlar savollariga javob berdi. 19-bor o’tkazilayotgan tadbirda Putin o’nlab mavzularda shaxsiy qarashlari va davlat siyosatini bildirdi.

Xalqaro hayot – 17-dekabr, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:29 0:00

Koronavirus pandemiyasi tufayli odatda yuzlab muxbir qatnashadigan bu yilgi anjuman onlayn shaklda o'tkazildi, zalga cheklangan miqdorda jurnalistlar qo'yildi.

Rossiya rahbari AQShning 2011-yildan beri amal qilayotgan Strategik hujumkor qurollarni qisqartirishga qaratilgan bitimni uzaytirishdan bosh tortayotganini tanqid qildi. Shartnoma fevral oyida o’z kuchini yo’qotadi.

“Bitim yangilanmasa, qurol poygasiga yo’l ochiladi, cheklovlar yo’q bo’ladi. G’arbdagi hamkorlardan bitimni hech bo’lmaganda bir yilga uzaytirishni so’rayapmiz va bu davr ichida keyingi qadamlar bo’yicha ma’noli muzokaralar olib boramiz”, - dedi u.

Putin Tog’li Qorabog’da Armaniston va Ozarbayjon o’rtasida kechgan harbiy mojaroga ham to’xtalib, tomonlar sulhdan foydalanib muzokara stoliga o’tirib, hudud va munosabatlar kelajagi xususida gaplashishi kerakligini aytdi.

G’arb Rossiyani Kremlning tanqidchisi Aleksey Navalniyni zaharlaganlikda ayblarkan, Putin bu ishni Rossiya rahbariyatiga qarshi qaratilgan provokatsiya deb, muxolifatchi AQSh razvedkasi bilan hamkorlik qilayotganini aytdi.

“Shuni deb uni zaharlash kerakmi? Uning kimga keragi bor? Zaharlamoqchi bo’lishganida, ishni oxirigacha yetkazishar edi”, - dedi Putin.

Rossiya rahbari mamlakatda koronavirusga qarshi ishlab chiqarilgan “Sputnik V” vaksinasiga yuqori baho berdi, ammo o’zi emlanmaganini aytdi.

68 yashar prezident so’nggi paytda Kremldan emas, Moskva tashqarisidagi qarorgohidan ishlamoqda. Imoratning obdon dezinfeksiya qilinishi, Putin muntazam ravishda koronavirusga test topshirib turishi aytiladi.

Matbuot anjumanida Kreml xo’jayini siyosiy kelajagiga ham to’xtaldi. 2018-yilda 4 yilga saylangan Putin shu yil yozida qabul qilingan konstitutsion tuzatishlarga ko’ra qayta saylanish imkoniga ega bo’ldi.

Putin 2024-yil martiga belgilangan saylovda qatnashish xususida hozircha fikr yuritmaganini aytdi.

“Bunga hali erta”, - dedi u.

AQShda prezidentlikka saylangan Jo Baydenni ikki kun oldin ilk bor g’alaba bilan tabriklagan Putin yangi Oq uy ma’muriyati Rossiya bilan aloqalarni yaxshilashiga umid qildi.

“AQShning yangi saylangan prezidenti ichki siyosatda ham, tashqi siyosatda ham tajribali inson. Yangi ma’muriyat kelishi bilan munosabatlarimizdagi ba’zi muammolarning hal qilinishidan umidvormiz”, - dedi Putin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG