Breaking News

Rossiyadagi ayrim tahlilchilar Putin siyosatini tanqid qilmoqda


Vladimir Putin
Vladimir Putin

Rossiyaning Ukrainadagi siyosati sabab G'arbning Putinni yakkalashga qaratilgan harakatlari samara bermadi. Rossiya Suriyada harbiy amaliyotlarini boshlaganidan beri Moskva bilan muloqot qilish ehtiyoji tug'ildi. Biroq ayrim rossiyalik tahlilchilar nazarida, bu siyosat mamlakat xavfsizligi, xalqaro aloqalari va iqtisodiyotiga qimmatga tushadi.

Rossiyaning Suriyadagi havo hujumlari bu mamlakatni terrorizmga qarshi kurash, qochqinlar muammosini hal qilish, Suriya hukumati bilan tinchlik bitimiga erishish kabi global harakatlarda asosiy o'yinchiga aylantirdi. Bu masalalar bo'yicha Kreml yordamiga ehtiyoj uning Ukrainadagi harakatlari ketidan joriy etilgan diplomatik yakkalash siyosatining barham berilishiga olib keldi.

“Rossiyadagi siyosiy va harbiy rahbarlar orasida hozir tarqalgan tushuncha shundan iboratki, Rossiya G'arbni dog'da qoldira oldi, o'z siyosatini unga o'tkazmoqda”, - deydi Moskva Davlat xalqaro aloqalar institutidan Viktor Mizin.

Rossiya Suriyada terrorchilarni nishonga olayotganini bildirsa, G'arb uni mo'tadil isyonchilarga zarba berayotganlikda ayblab keladi. Prezident Vladimir Putinning harbiy kampaniyasi mamlakatga qimmatga tushdi. Misrda "Islomiy davlat" terrorchi guruhi rossiyalik sayyohlar ketayotgan samolyotni portlatdi.

“Dunyo bo'ylab ruslarga qarshi hujumlar tahdidi kuchaydi, Rossiya ichida ham”, - deydi Karnegi jamg'armasining Moskvadagi idorasidan Aleksandr Baunov.

Turkiya Suriya chegarasida Rossiyaga qarashli harbiy samolyotni urib tushirganidan so'ng bu ikki mamlakat munosabatlari sovuqlashib, kattaroq mojaro ehtimoli yuzaga keldi.

Rossiya qudratining ko'z-ko'z qilinishi ichki saylovchi tomonidan ijobiy qabul qilinsa-da, iqtisodiy muammolar sabab aholining turmush darajasi tushib bormoqda.

“Iqtisodiyot barbod bo'lmadi, vayron bo'lmadi, ammo juda zaif. Rivojlanish yo'q, turib qolgan. Texnologiya yo'q, pul yo'q", - deydi Baunov.

Uning aytishicha, agar iqtisodiyot tushishda davom etsa, prezidentlik davrida eng yuqori reytingga erishgan Putinga ishonch so'na boshlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG