Saudiya Arabistoni va Fors ko’rfazidagi yana bir necha mamlakat Qatarni “Musulmon birodarlar” guruhiga yordam berayotganlikda hamda Eron bilan yaqin aloqa qilganlikda ayblarkan, uch yil oldin uni qamalga olishgan, bordi-keldi uzilgan.
Biroq Jahon banki hisobotiga ko’ra, Qatar bundan nafaqat zarar ko’rmadi, balki iqtisodiyotini xilma-xillashtirib, taraqqiyot sur’ati bo’yicha Saudiya Arabistonidan o’zib ketdi. Bir paytlar faqat neft va gazni eksport qilgan kichik bu davlat yaqingacha qo’shnilardan sotib olgan oziq-ovqat va sut mahsulotlarini endi o’zida ishlab chiqarmoqda.
Qatar qamalda qolgach, mamlakatga bir yarim yil davomida minglab sigirlar olib kelina boshladi – havo va dengiz orqali.
“2017-yilgi qamaldan so’ng AQShdan to’rt ming bosh qoramol olib kelishga qaror qildik. Mamlakatni sut bilan ta’minlashga qaratilgan loyihaning birinchi bosqichi edi”, - deydi "Baladna" guruhi rahbari Mutaz Hayot.
Endilikda uning fermalarida har oy 500 tonna sut va pishloq ishlab chiqariladi. Hatto embargoga qo’shilmagan ikki davlatdan biri Ummonga eksport yo’lga qo’yildi. Embargo natijasida sahrolar qishloq xo’jaligi ehtiyojlari uchun ishlatilmoqda.
“Kelasi uch yilda 500 gektargacha maydonni ishga tushirmoqchimiz; mevalar va sabzavotlar yetishtiriladi. Maqsad va rejamiz shu. Uch yilda sabzavotga bo’lgan ehtiyojlarimizning salkam 80 foizini qoplashimiz mumkin”, - deydi Xalqaro loyihalar taraqqiyoti kompaniyasi rahbari Ahmad Husayn Xalaf.
Qatarning jazirama issig’i, qumli tuprog’i va suv taqchilligini hisobga olganda bunday rejaga gidroponik issiqxonalardagina erishish mumkin.
“Asosan to’rt xil hosil olamiz – qovoqcha, pomidor, baqlajon va pomidor atrofida o’sgan qo’ziqorin. Ularning barchasi organik”, - deydi "Agrico Farms" agronomi Fahad Omani.
Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari yetakchiligidagi embargo Qatarni iqtisodiy mustaqillik tomon harakatlanishga majburladi. Qatar qimmatbaho qog’ozlar bozorida hozir ichki bozor uchun oziq-ovqat ishlab chiqarayotgan kompaniyalarni uchratish mumkin.
"Baladna" guruhi yaqindan beri aksiyalarini sotuvga chiqargan, aksiyalariga talab taklifdan katta.
Ba’zi qatarliklar iqtisodiy mustaqillik – xavfsizlik garovi, deydi.
“O’z mahsulotlaringiz bo’lsa, o’zingizni ancha mustaqil va xavfsiz his qilasiz”, - deydi Aman Qaddora ismli uy bekasi.
Shunday qilib Qatarni zaiflashtirishga qaratilgan embargo teskari natija berdi.
Facebook Forum