Breaking News

Huquq tashkilotlari Qatarda ishchi migrantlarga nisbatan huquqbuzarliklardan xavotirda


Qatardagi qurilish inshootlaridan biri
Qatardagi qurilish inshootlaridan biri

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Xalqaro Amnistiya” tashkiloti FIFA prezidenti Janni Infantinoga maktub yo’llab, Qatarda Jahon kubogi uchun 2022-yil oxirida o’tkaziladigan turnir infratuzilmasi qurilishida qatnashayotgan ishchi migrantlar himoyasini kuchaytirishga chaqirdi.

Xalqaro hayot – 30-mart, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:28 0:00

Xabarlarga ko’ra, ishchilar og’ir sharoitlarda mehnat qilmoqda, Osiyo janubi va Afrikaning quyi Saxara mintaqasidan Qatarga ish qidirib borgan yuz minglab odam ekspluatatsiya qilinmoqda.

Mamlakatlar saralash o’yinlarida qatnasharkan, “Xalqaro Amnistiya” FIFAdan inson huquqlarini himoya qilishni, Qatar hukumatini Jahon kubogidan oldin mehnat kodeksi islohotini yakunlashga chaqirishni so’radi.

"So’nggi yillarda ayrim o’zgarishlarga guvoh bo’ldik. FIFA masalani jiddiy qabul qilmoqda. Ammo Qatar islohotlardan chekinishga harakat qilsa, FIFA bunga munosabat bildiradimi? Kelajakdagi musobaqalarni yaxshiroq tashkil etadimi? Musobaqa mezbonini aniqlashda inson huquqlariga e’tibor qaratiladimi? Bu savol hozircha javobsiz qolmoqda”, - deydi “Xalqaro Amnistiya” so’zlovchisi Stiven Kokburn.

Qatar hukumati nafaqat Jahon kubogi loyihalariga, balki boshqa ishlarga jalb qilingan ishchilar maoshi, ish sharoiti yaxshilanganini da’vo qilmoqda. Unga ko’ra, Qatar shu oy mintaqada minimal ish haqini o’rnatgan yagona davlat bo’ldi.

Ayrim mamlakatlar jahon hamjamiyatining Qatardagi ishchi migrantlar muammosiga e’tiborini qaratish maqsadida FIFAga qaramasdan mustaqil ravishda ish ko’rmoqda. Masalan, Norvegiya terma jamoasi Gibraltarga qarshi saralash o’yinidan oldin “Inson huquqlari futbol maydonida va tashqarisida muhim” deb yozilgan futbolkalar kiyib saf tortdi.

Bu mamlakatdagi ayrim klublar Britaniyaning “Gardian” gazetasidagi maqola ketidan Qatardagi Jahon chempionatini boykot qilishga chaqirmoqda. “Gardian”ga ko’ra, Qatar 2010-yilda Jahon kubogiga mezbonlik qilish huquqini qo’lga kiritganidan beri bu mamlakatda 6500 ishchi migrant nobud bo’lgan.

Qatar hukumatining bildirishicha, bu sakkiz yilda mamlakatdagi 1,4 million xorijiy ishchining o’ta kichik foiziga tengdir.

Germaniya terma jamoasi a’zolari Islandiya bilan saralash o’yinidan oldin “Inson huquqlari” deb yozilgan futbolkada saf tortishdi.

Odatda o’yinchilar va jamoalarni siyosiy bayonotlar uchun jazolaydigan FIFA bunday norozilik aksiyalariga qarshi chora ko’rmasligini bildirdi.

"FIFA so’z erkinligiga, futbol yaxshilikka chorlovchi kuch ekaniga ishonadi”, - deyiladi tashkilot bayonotida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG