Breaking News

Kvetta shahrida hanuz Tolibonning ta'siri kuchli


Pokiston poytaxti Islomoboddan 1300 kilometr uzoqlikdagi Balujiston viloyati markazi Kvetta zo’ravon va ekstremist guruhlar o’chog’i hisoblanadi. Ikki million aholi istiqomat qiladigan hududda afg’on Toliboni va mahalliy isyonkorlar qaror topgan.

Tolibon yetakchisi Mulla Umarning o’limi Kvettani yana bir bor hammaning e’tiboriga tushirdi. Afg’oniston rasmiylari va matbuot xabarlariga ko’ra, bu yerda so’nggi paytlarda harakatning kelajagini belgilash uchun Tolibon yetakchilarining qator uchrashuvlari o’tkazilmoqda.

Kvettada mahalliy jurnalistlar Tolibon faoliyatini yorita olmaydi. Xalqaro jurnalistlar uchun esa eshiklar yopiq. Xorijlik jurnalist bu yerga kira olishi uchun Pokiston xavfsizlik idoralaridan maxsus ruxsatnoma olishi kerak. Kvettaga so’nggi bor chet ellik muxbirlar 2013-yilda tashrif buyurgan.

Xavfsizlik shu darjada kuchliki, 2006-yil hududga tashrif buyurgan “Nyu-York Tayms” muxbiri Karlotta Gel fuqaro kiyimidagi xavfsizlik xodimlari tomonidan kaltaklab ketilgan. Nashrning 2014-yilda chop etgan xabariga ko’ra, jurnalist Tolibon a’zolari bilan suhbat qilishga uringani uchun tazyiqqa uchragan. Muxbirning aytishica, Pokiston razvedkachilarining Tolibon bilan aloqasii fosh bo’lishidan qo’rqib, razvedka idorasining matbuot bo'limi boshlig’i jurnalistni jazolashni buyurgan.

Kvettada pashtun, baluj, hazaro, urdu va panjobiy tilda so’zlashuvchi elatlar yashaydi. Bu yerdagi va qo’shni shaharlardagi pashtunlar Tolibon hukmron janubiy Afg’oniston pashtunlari bilan umumiy til va madaniyatga ega.

Bu yerda afg’on toliblari hech qanday shubha uyg’otmasdan yurishi mumkin, deydi mahalliy jurnalistlar.

Kvettaning sharqiy va g’arbiy o’tish yo’laklari afg’on Toliboni nazoratida ekani aytiladi. Kobuldagi rasmiylarning ochiq aytishicha, Tolibon jangarilari mahalliy kasalxonalarda va Balujistondagi qochoqlar lagerlarida tez-tez davolanib turadi. Afg’oniston hukumati Mulla Umarni Kvettada deb hisoblagan. Islomobod esa bu da’voni inkor etgan. O’tgan oy Pokiston tashabbusi bilan o’tkazilgan tinchlik muloqotiga Tolibon yetakchilari qayerdan kelgani ham turli savollar tug’ilishiga sabab bo’ldi.

Kvetta shahrida Pokiston armiyasi viloyat bo’linmasining qarorgohi joylashgan. Askarlar Eron, Afg’oniston va Arab dengizi bilan chegaralarni qo’riqlaydi. Ular Baluj isyonkorlariga qarshi ham kurash olib boradi. Bu mahalliy elat tabiiy resurslardan foydalanishda ko’proq huquqqa ega bo’lishni talab qilib keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG