Breaking News

Obama Qur’on yoqilishiga, askarlar jabr ko’rishiga yo’l qo’ymoqchi emas


Prezident Barak Obamaning aytishicha, floridalik ruhoniy Qur’on kitoblarini yoqib, AQSh askarlari hayotini xavf ostiga qo’yishi mumkin edi. Buni pastorga yetkazib qo’yish mening burchim, deydi u.

Obama ma’muriyati ruhoniy Terri Jouns bilan bog’langan va shu tariqa ortiqcha shov-shuvga yanada turtki bergan deydiganlar ham bor.

Hukumat askar qiz-yigitlar jabr ko’rishi, al-Qoida uchun qurolga aylanishi mumkin bo’lgan har qanday xavfning oldini olishni ustuvor vazifa deb biladi, deydi Obama.

Bundan tashqari, prezidentning ta’kidlashicha, musulmonlar 2001 yil 11 sentyabr xuruji ro’y bergan joyda islomiy markaz qurishga haqli.

Amerika qadriyatlariga ko’ra, cherkovni istagan yerda bunyod etishingiz mumkin, demak shu gap masjidga ham taalluqli.

Amerikada Qur’on kitobi atrofida shov-shuv davom etar ekan, Afg’oniston shimolida bugun minglab odamlar namoyishga chiqqan.

Ular Florida shtatida kichik cherkov ahli islom dinining muqaddas kitobini yoqib, shu tariqa 11 sentyabr fojeasini xotirlash rejasidan norozi. Shimoldagi Fayzalobod shahrida NATO bazasi yonida bir odam otib o’ldirilgan.

Badaxshon viloyatida Hayit kuni juma namozidan so’ng ko’cha-ko’yni to’ldirgan olomon politsiya bilan olishgan. Ayrimlar NATO bazasiga qarata tosh irg’itgan.

Iyd al-Fitr ayyomi munosabati bilan xalqqa murojaat qilgan prezident Hamid Karzay floridalik ruhoniyning Qur’onni yoqaman degan do’q-po’pisasini tanqid qilgan.

Muqaddas kitob musulmon ahlining durdonasi, uni xor qilish mumkin emas, deydi Karzay. Qo’shni Pokistonda ham yuzlab odam namoyishga chiqqani ma’lum.

Florida shtatidagi cherkov pastori Terri Jouns 11 senytabr fojeasini yodga olib, Qur’on kitoblarini yoqishga jazm etgan edi. Shu tariqa islomiy ektremizmga qarshi ekanimizni, al-Qoidani rad etishimizni namoyish etgan bo’lamiz, deydi u.

Biroq ruhoniy kecha fikridan qaytgan. Bir shart bilan – Nyu-Yorkda islom markazi qurishni rejalagan imom bilan uchrashishim kerak, deydi u.

Butunjahon din ahli ruhoniy Terri Jounsning rejasini tanqid qilmoqda. Florida musulmon ahli rahbari, imom Muhammad Masri kecha pastor bilan alohida, yopiq eshiklar ortida uchrashgan. Ikki peshvo shanba kunga belgilangan yoqish marosimini bekor qilishga kelishib olgan.

Lekin Terri Jounsning talabi shuki, Nyu-Yorkda qulagan egizak binolar yonida qurilishi ko’zlangan islomiy markaz boshqa yerga ko’chirilishi kerak.

"Amerika ahli islomiy markaz ushbu mash’um manzilda qad ko’tarishiga qarshi. Musulmon olami Qur’onni yoqishimizni istamaydi. Imomlar bilan gaplashib, shanba kungi marosimni bekor qildik. Ertaga Nyu-Yorkka borib, islom markazi qurilishiga bosh-qosh imom Faysal Abdul Rauf bilan uchrashaman", - deydi ruhoniy.

Ruhoniy bilan gaplashgan imom Muhammad Masrining aytishicha, hali muzokara qayerda, qanday o’tishi aniq hal qilinmagan.

Ammo Nyu-Yorkdagi markaz mualliflari ruhoniydan biror taklif, talab tushgani yo’q, demoqda. Hech qanday kelishuv bo’lgan emas. Imom Rauf islomni mayna qilish, markazdan voz kechish niyatimiz yo’q, deydi.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts kecha ruhoniy Terri Jouns bilan telefonda gaplashib, musulmonlar uchun muqaddas kitobni xor qilmaslikka chaqirgan. Aks holda Iroq va Afg’onistonda jang qilayotgan askarlar jabr ko’rishi mumkin, deydi Geyts.

Qo’shma Shtatlarda 2001 yil 11 sentyabr xurujlarining to’qqiz yilligi xotirlanmoqda. Nasroniy, yahudiy va musulmon jamoalar bu hujumdan qolgan yaralar tezroq bitsa, g’azab hissi unutilsa, deydi.

Virjiniya shtatidagi Yepiskopal cherkov rektori Gay Ran islomiy markaz va Qur’on atrofidagi bahs, nafratga to’la so’zlardan qo’rquvda.

U islom jamoasi va yahudiy do’stlar bilan bog’lanib, taxminan 3 ming odamni hayotdan olib ketgan mash’um sana arafasida birlashishni taklif qilgan.

Nasroniy, musulmon va yahudiylar do’stona rishta bog’lay olishini ko’rsatmoqchi edik. Odamlar buni tushunishi kerak. O’lganlarni xotirlaylik, yaqinlaridan judo bo’lgan kishilar dardiga malham bo’laylik, deya undaydi rektor.

Virjiniya shtatidagi yahudiy jamoasi vakili, ravvin Debora Lin, Fredriksburg shahridagi islomiy markaz a’zosi Munira Marlou va nasroniy Gay Ran ertaga, 11 sentyabr kuni birga ibodat qilmoqchi.

Izdoshlarini ham shunga chaqirmoqda. Siyosatni unutaylik, insonmiz, to’qqiz yil oldin jinoyatchi-terrorchilar zulmidan qon-qon yig’lagan millat uchun duo o’qiylik, deydi ular.

Prezident Barak Obama ertaga xotirlash marosimida Pentagonda xalqqa so’zlashi kutilmoqda. Vitse-prezident Jo Bayden esa Nyu-Yorkdagi anjumanda ishtirok etadi.

Bu orada Ramazon oyi poyoniga yetib, musulmon ahli, jumladan AQShda ham hayit ayyomini nishonlamoqda. Dunyo notinch bo’lib turgan bir paytda madaniy va diniy sabr-toqatni yoyish mushkul, dolzarb bir vazifa.

AQShdagi ilmiy dargohlar dinlararo adovatga barham berish zaruratini uqtirib keladi. Yosh olim qiz-yigitlar buning ahamiyatini tushunadi.

Jorj Vashington Universitetida musulmon talabalar uyushmasi prezidenti Zohin Hasan ertaga, shanba kuni ko’ngilli ishga chiqaylik, deydi.

Hayit ayyomi 11 sentyabr bilan bir haftaga to’g’ri kelibdi. Keling, yomon niyatlarni, dildagi g’azabni yoddan chiqaraylik, deydi talaba. Odam odamga mehribon bo’lishi kerak.

Buning uddasidan chiqamiz, yorug’ yuz bilan yashay olamiz, deydi Jorj Vashington universiteti talabasi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG