Suriyaning Raqqa shahri yaqingacha “Islomiy davlat” jangari to’dasi e’lon qilgan xalifalik poytaxti bo’lgan. Shahar to’da changalidan ozod bo’lganiga salkam ikki yil bo’ldi, asta-sekin normal hayotga qaytmoqda. Biroq shaharda tiklanish ishlariga pul yetishmayapti.
Tarkibida kurd jangchilari bo’lgan Suriya demokratik kuchlari Raqqani 2017-yil oktabrida AQSh yordamida Daishdan ozod qilgan. Shahar uchun uch oylik janglar natijasida infratuzilmasining katta qismi yer bilan yakson bo’lgan.
Mahalliy rasmiylarning shikoyat qilishicha, “Islomiy davlat”ni yengishga yordam bergan mamlakatlar koalitsiyasi g’alabadan so’ng shahar qayta qurilishi bilan shug’ullanmadi.
“Bir paytlar koalitsiyaning birinchi va ikkinchi darajali vakillari bilan ko’rishib turardik, ammo hozir Fransiya Mudofaa vazirligi yoki Britaniya Qishloq xo’jaligi vazirligi xodimlari kelib turadi, xolos. Amerikadan esa fuqarolik jamiyatiga mas’ul mutasaddi kelib ketdi”, - deydi Raqqa fuqarolar kengashidan Abdulla Oriyon.
Tiklanish ishlari bilan ushbu kengash shug’ullanadi, biroq mablag’ kamligi bois pul shaharni tark etgan odamlarni qaytarish uchun eng muhim xizmatlarni tiklashga yetadi, xolos.
“Yo’l va ko’priklarni ta’mirlashda eng ibtidoiy usullardan foydalanishga to’g’ri keldi. Vayron bo’lgan imoratlardagi tosh va g’ishtlarni ishdan chiqqan ko’prik yoki yo’llarni to’ldirishga ishlatdik. Bundan ortig’iga pul yo’q”, - deydi Raqqani qayta tiklash qo’mitasidan Abdulla Ali.
“Islomiy davlat” to’dasiga qarshi janglarda Furot daryosidagi to’qqizta ko’prik va irrigatsiya kanallari buzilgan. Shulardan uchtasi ta’mirlangan, xolos.
Mahalliy rasmiylarning ogohlantirishicha, Raqqaga jiddiy yordam berilmasa, ekstremizm yana kuchayishi mumkin.
“Terrorga qarshi urush faqat harbiy harakatlardan iborat emas. Kelasi 10 yilda qishloq xo’jaligi, ta’lim, sog’liqni saqlash tizimlari tiklanmasa, terrorchilarning yangi avlodi yetishib chiqadi”, - deydi Abdulla Orion.
O’tgan yili Qo’shma Shtatlar Suriya shimoli-sharqi uchun moliyaviy yordamni 230 million dollarga qisqartirdi. Vashington Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va Daishga qarshi koalitsiyaga kirgan boshqa arab davlatlarining kattaroq hissa qo’shishini istaydi.