Bugun Birlashgan Millatlar Tashkiloti Qochqinlar kunini nishonlamoqda. Dunyo bo’ylab 65 milliondan ortiq odam urush, zo’ravonliklar, iqtisodiy qiyinchiliklar sabab uy-joyini, 22 milliondan ziyodi esa o’z mamlakatini tashlab chiqishga majbur bo’lgan.

Eng ko’p odam olti yildan beri fuqarolar urushini boshdan kechirayotgan Suriyani tark etgan.

"Agar vaziyat yaxshilanmasa, Vatanimizga bora olmaymiz. Qayerda yashaymiz, nima yeymiz, nima ichamiz, bilmayman. Uyidan ajralgan ko’p bolali oilalarga ayniqsa qiyin”, - deydi Livanda yashayotgan suriyalik bir qochqin.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti ko’p joylarda bunday odamlarga yordam beradi. 10 million aholiga ega Iordaniyada 700 mingi qochqin. Ba’zilari xo’rlash, zo’rlash qurbonlari. Huquqshunoslardan iborat bir xalqaro tashkilot Iordaniyadagi qochqinlarga huquqiy va boshqa turdagi yordam beradi.

"Odamlar oyoqqa turib olguncha ko’maklashamiz. Bunga balki 10 yil ketar, balki 20 yil, balki bir umr”, - deydi Red Smit nomidagi Qochqinlarni himoya qilish loyihasi xodimi Jeyn Fleming.

Qochqinlar yirik tashkilotlar va xususiy shaxslar xayriyasi hisobiga yashaydi, ammo qochoqlar soni oshgan sari ularning ehtiyojlarini moliyalash qiyinlashmoqda.

BMTning Qochqinlar bo’yicha oliy komissariati xalqaro hamjamiyatdan qo’shimcha yordam so’ragan. Bir necha musulmon mamlakatlarda qochqinlar uchun xayriya to’plash dasturi boshlangan.

"Xayriyaning 100 foizi qochqinlarga boradi. Odatda komissariatga tushayotgan pulga 7 foiz ma’muriy soliq qo’yiladi, ammo bu dastur boshqacha”, - deydi BMT agentligi xodimi Muhammad Abu Asaker.

Statistikaga ko’ra, dunyoda har bir daqiqada salkam 20 odam mojaro yoki ta’qib oqibatida uyini tark etishga majbur bo’lmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG