Breaking News
Din

Odero Lal - Pokistonda diniy bag'rikenglik namunasi


Odero Lal temple
Odero Lal temple

Pokistonda terrorchilar diniy ozchilikdagi guruhlarga tez tez hujum qilib turadi. Nasroniylar, hindular, shialar jangarilardan ko’p azob chekmoqda. O’tgan yili yolg’iz Sindx viloyatidagi bir hujumda 80 dan ortiq odam nobud bo’lgan. Yaqinda turli din vakillari maslahatlashib, viloyatdagi bir diniy markazni birgalikda himoya qilishga kelishib oldi.

Xalqaro hayot - 28-sentabr, 2018-yil - Pokistonda diniy bag'rikenlik
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:46 0:00

Pokistonda salkam 195 million aholining 96 foizini musulmonlar tashkil etadi. Minglab masjidlar bilan bir qatorda bir nechta hindu ibodatxonasi, nasroniy cherkovlari bor.

Janubdagi Sindx viloyatida asrlar davomida qad ko’tarib turgan ibodatxonada hindular ham, musulmonlar ham ibodat qiladi.

“Bu yerda masjid ham bor, hindu ibodatxonasi ham. Islomda boshqa din vakillariga yomonlik qilish taqiqlanadi, avval ularning e’tiqodini, so’ng islom dinini himoya qilish buyuriladi. Biz shu aqidaga, dinimiz ta’limotiga amal qilishga harakat qilamiz”, - deydi Odero Lal qishlog’idagi masjid imomi Muhammad Ibrohim.

Masjid ham shunday deb nomlanadi. Odero Lal ham musulmonlar, ham hindular ardoqlaydigan avliyodir. Musulmonlar uni islomni qabul qilgan hindu deb hisoblaydi va Shayx Tohir deb ataydi.

“Bu yerdagi hindular va musulmonlar ahil yashaydi, birodarlar kabi. So’fi avliyo bizga shunday ta’limot bergan. Azondan so’ng ibodatxonada hindularning diniy navolari yangraydi. Ikkisini ham hurmat qilamiz”, - deydi “Odera Lal”ning hindu nazoratchisi Bxore Chand Israni.

Odero Lalga kelayotgan ziyoratchilarning tan olishicha, Pokistonning boshqa hech bir joyida hindular va musulmonlar bir-biriga nisbatan bunchalik bag’rikeng emas.

“Nafaqat Pokiston, balki dunyoning qaysi burchagiga bormang, turli din vakillarining janjaliga guvoh bo’lasiz. Bu yerda hamma o’z ibodatini qiladi, janjalni ko’rmaysiz”, - deydi Amar Xon ismli ziyoratchi.

O’tmishda hindular ibodatxonalari bir necha shaharda hujumga uchragan, ammo Odero Laldagi hindular ma’badini musulmonlar o’z himoyasiga olgan.

“Hech bir ma’badni vayron qilish yoki o’zga din vakiliga ozor berish niyatimiz yo’q. Avval ularni, so’ng o’zimizni himoya qilamiz. Hayit yoki boshqa diniy bayramlarimizda ulamolarimiz tenglik va bag’rikenglik uchun duo qiladi”, - deydi imom.

Ibodatxona ma’muriyati hukumatdan xavfsizlik choralarini kuchaytirishni so’ramoqda.

“Bu yerga musulmonlar ham, hindular ham keladi. Tahorat uchun sharoit yo’q, davlatimiz sayyohlar va ziyoratchilar ehtiyojlarini hisobga olishi, yordam berishi kerak”, - deydi Muhammad Ibrohim.

Tarixiy qishloq mehmonlarining aytishicha, Odero Lal mamlakatda bag’rikenglikka yorqin misoldir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG