Breaking News

Insoniyat Oyga qadam qo’yganiga 45 yil bo’ldi. 1972-yilda eng tez mikroprosessorlar atigi 16 kilobayt xotiraga ega edi. Bugun smartfonlar millionlab kilobayt ma’lumotni saqlay oladi. Ammo texnologik taraqqiyot hozircha fazoda olamshumul yangiliklarga yetaklagani yo’q. AQSh astronavtlari Oyga qaytib borishga tayyorgarlik ko’rmoqda, lekin bu missiya qachon amalga oshishi noma’lum.

NASA, AQSh Fazoviy tadqiqotlar agentligi hali tasdiqlanmagan byudjetida 2020-yildan keyin Oyga uchishni mo’ljallab qo’ygan. Yangi kosmik kemalarni tijoriy kompaniyalar, universitetlar va ilmiy markazlar qurib berishiga umid qilinmoqda.

Oy atrofida parvoz qiladigan kichikroq kosmik stansiya qurish ham rejada. Loyihaga boshqa davlatlar, jumladan Rossiya, Yevropa, Kanada va Yaponiya ham qo’shilmoqchi.

“Oyga yuborilgan robotlar shu stansiyaga kelib qo’nishi mumkin. Har safar AQShdan uchirish o’rniga, robot-apparatlarni shu stansiyadan Oyga yuboramiz. Vositalarning umri ham uzayadi”, - deydi NASAning muvaqqat rahbari Robert Laytfut.

Ammo Oyga qaytishdan oldin muhim savollarga javob topish lozim. Masalan, Van Allen himoya xalqasidan tashqarida inson organizmi uzoq muddatli kosmik radiatsiyaga chiday oladimi?

“Muayyan organizmlarni o’sha muhitga uchirib, eksperimentlarni davom ettirib, DNK, genlar majmuasi o’zini qanday tiklashini o’rganish nihoyat muhim. Bu nafaqat fazoda yashab, ishlayotgan astronavtlar salomatligini ta’minlash uchun, balki Yerda ham ilmiy tadqiqotlar o’tkazish uchun kerak”, - deydi olima Ellen Stofan.

Bir kun kelib inson Oyda doimiy bazalar quradi, lekin ko’p narsa bunday loyihalar qo’llab-quvvatlanishiga bog’liq.

“Katta mablag’ kerak. Bugun Qo’shma Shtatlarda, biz bilan hamkor boshqa mamlakatlarda muammolar ko’p. 2018-yilda omma e’tiborini, moliyani fazoviy maqsadlarga yo’naltirish qiyin. 1960-yillarda bunday bo’lmagan”, - deydi tadqiqotchi Jeff Ayzekson.

Ayni paytda NASA olis fazoga ucha oladigan yangi, kuchli raketa qurayotgan bo’lsa-da, Oyga uchish uchun missiya sanasi belgilanmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG