Trampning yangi cheklovlariga munosabat qanday?

  • Amerika Ovozi

Pentagon, 6-mart, 2017

Respublikachilar Prezident Tramp oldingi farmonini qayta ko'rib chiqqanidan mamnun. Iroq qora ro'yxatdan chiqarilganidan xursand. Lekin qaror hamon keskin tanqid ostida.

Huquq tashkilotlari nazarida musulmon davlatlari fuqarolarini Amerikaga kiritmaslik nafrat va qo'rqinchga asoslangan siyosatdir. Islomga qarshi kayfiyatni kuchaytiradi, qolaversa Amerikaning obro'sini tushiradi, degan xavotirlar har yerda quloqqa chalinadi.

Vakillar palatasi spikeri, respublikachilar sardori Pol Rayan fikricha bu immigratsion cheklovlar davlat xavfsizligini ko'zlaydi. Butun musulmon dunyosi emas, bir necha mamlakatga tegishli xolos, deydi u.

Suriya, Eron, Yaman, Somali, Liviya va Sudandan Amerikaga hech kim kiritilmasin, deya buyruq bergan Tramp federal sudlar bu safar ushbu buyruq amaliyotiga to'siq qo'ymaydi, degan umidda. 27-yanvardagi farmon adliya qarshiligiga uchrab, yo'qqa chiqqan. Undagi ro'yxatda Iroq ham bor edi. Hozirda u olib tashlangan. Oq uyga ko'ra, farmon ekstremizmga qarshi chora.

Allaqachon viza olganlar va Amerikada doimiy yashash huquqiga ega shaxslar yuqorida qayd etilgan davlatlardan bo'lsa-da, bu mamlakatga bemalol kirib chiqishi mumkin.

Respublikachi senator Lindzi Grem
Respublikachi senator Lindzi Grem

Respublikachi senator Lindzi Grem Oq uyni cheklovga oydinlik kiritib to'g'ri qildi, deya maqtadi. Terrorizmga qarshi kurash doirasida tashlanayotgan qadam bu, deydi u.

Demokrat senator Berni Sanders esa respublikachilarni musulmonlarni kamsitayotganlikda ayblamoqda.

"Amerika himoyasi uchun emas bu", - deydi u. "Diniy erkinlik tarafdori bo'lganida, prezident bunday qilmagan bo'lar edi. Cheklov nafrat, islomga qarshi munosabat timsolidir".

Qochqinlar bilan ishlaydigan xalqaro tashkilotlar 60 ming odam bu davlatga kelish uchun ko'rikdan o'tib bo'lganini eslatmoqda. Bu qochqinlar endi qayga borsin?

Huquq himoyasi bilan mashg'ul Xalqaro Amnistiya tahlilicha, Tramp musulmonlarga nisbatan nafratni siyosatga aylantirish bilan band. Insonparvarlik, bag'rikenglik va erkinlik degan qadriyatlar qayda qoldi, deya so'raydi bu tashkilot, Amerika hukumati va ommasidan.

Iroq qora ro'yxatdan chiqarilganidan xursand. "BIz axir terrorga qarshi kurashda yaqin hamkormiz", - deydi Ahmad Jamol, Bag'doddan Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi.

AQSh Davlat kotibi Reks Tillerson deydiki, Iroq masalasi izchil ko'rib chiqilgan. .

VIDEO (inglizcha): Tillersonning aytishicha, Iroqdan kimni nima uchun qabul qilish obdon muhokama qilinib, xavfsizlik choralari mustahkam, deya topilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG