Breaking News

Hindistondagi roxinjaliklar kelajagidan xavotirda


Dehli yaqinidagi lagerda yashovchi roxinjaliklar

Myanma hukumati zulmidan Hindistonga qochgan roxinjaliklarning ilk bor deportatsiya qilinishi inson huquqlari faollari xavotiriga sabab bo’lmoqda.

Xalqaro hayot - 19-oktabr, 2018-yil - Hindistondagi roxinjaliklar kelajagidan xavotirda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:51 0:00

Ayni damda Hindistonda 40 ming roxinjalik yashaydi. Biroq mamlakatni boshqarayotgan millatchi hukumat noqonuniy muhojirlarga qarshi kurashni boshlagan. “Amerika Ovozi” muxbiri shimoldagi Xaryana shtatida joylashgan qochqinlar lagerlarida bo’lib, roxinjaliklar ahvoli bilan tanishdi.

Xaryanadagi qochqinlar tor palatkalarda yashamoqda, masalan, Mevat tumanidagi bir lager aholisi uchun bitta vodoprovod trubasi bor, xolos, bolalar xarob maktabda o’qiydi. Biroq ular “och qornim - tinch qulog’im” qabilida yashashga tayyor, chunki Myanmaga ekstraditsiya qilinishsa, o’lim bilan yuzlashishlari mumkin.

“Hindistonda bizni kamsitishmaydi. Ishlasak, yeyishga pul topiladi”, - deydi Fotima Xotu.

Biroq yaqinda yetti roxinjalik Hindistondan chiqarib yuborilganidan keyin Mevatdagi lagerda so’nggi olti yildan beri yashab kelayotgan 45 ta oila a’zolari vahimaga tushdi.

“Hayotim barbod bo’ldi. Farzandlarim kelajagidan xavotirdaman. Ularni ham qaytarib yuborisharmikan? O’ylayverib charchadim”, - deydi Ali Zohar ismli bu odam.

Bu yerdagi lagerlar aholisi BMTning Qochqinlar bo’yicha oliy komissariati bergan hujjatlar ularni deportatsiyadan saqlashiga umid qilmoqda. Hindistondan chiqarib yuborilgan yetti odamda BMT hujjati bo’lmagan.

Sulton Amin qo’lidagi bu hujjatni ko’z qorachig’idek asraydi. Myanmada qolgan ukalarim va onamni ko’p xo’rlashadi, deydi u.

“Hayotimni saqlash uchun o’z yurtimdan qochishga majbur bo’ldim. Xavf-xatar bo’lmaganida allaqachon qaytgan bo’lardim. Hozir qaytsam, o’ldirib qo’yishadi meni”, - deydi u.

Hindiston hukumati BMT qochqinlarga tarqatgan kartochkalarni tan olmasligini bildirib, roxinjaliklarni noqonuniy muhojirlar deya mamlakatdan haydamoqchi. Ularni xavfsizlikka tahdid deb bilishadi.

Kuzatuvchilarga ko’ra, Bosh vazir Narendra Modi yetakchiligidagi millatchi Bi-Jey-Pi (BJP) partiyasi kelasi yili bo’ladigan saylovlarga hozirlik ko’rarkan, musulmon roxinjaliklarni nishonga olmoqda.

“Saylov yaqinlashgani sari roxinjaliklar mavzusi ko’tarilaveradi. Musulmonlarga qarshi pozitsiya partiyaga qo’shimcha siyosiy ochko keltirishi mumkin”, - deydi siyosiy tahlilchi Nirja Choudxuri.

Hindistondagi roxinjalik qochqinlarning aksariyati qo’shni Bangladeshdan kelgan. “Bizga ko’p narsa kerakmas, osoyishtalik va bir parcha yer bo’lsa bo’ldi”, deydi ular.

“Oila a’zolarim, qarindoshlarimning hammasini o’ldirishdi. Yurtimiz Bangladesh va Hindistondek tinch bo’lganda qaytamiz”, - deydi Nur Begim ismli bu ayol.

BMTning qochqinlar bo’yicha agentligi yetti nafar roxinjalikning deportatsiya qilinishini qoralab, bunday amaliyot odamlarning hayotini xavf ostiga qo’yishini ta’kidlamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG