Breaking News

Bangladeshdagi roxinjalik qochqinlar Myanmaga qaytishni istamayapti


Roxinjalik qochqin ayollar Bangladeshdagi lagerda

Bangladeshga qochgan minglab roxinjalik qochqinlar yaqin kunlarda uylariga qaytishi mumkin. Bangladesh hukumati o’tgan hafta qo’shni Myanmaga repatriatsiyaga tayyor 8000 dan ziyod qochqin ro’yxatini bergan. Biroq roxinjaliklarning aytishicha, Rakxayn shtatida vaziyat hamon notinch, ular Bangladeshdan ketmoqchi emas.

“Roxinjaliklarni hamon ta’qib etishmoqda, har kuni Myanmani tark etishyapti. Askarlar rafiqamni va o’g’limni o’ldirishdi. Ko’plab roxinjaliklarni zo’rlagan va o’ldirganlar jazosiz qolgan. Ular ozodlikda ekan, Rakxaynda o’zimizni xavfsiz his qila olmaymiz”, - deydi Bangladeshdagi qochqinlar lagerida yashovchi Abdurrahmon.

Qochqinlarning jamoa rahbari Ko Ko Linn so’zlariga ko’ra, roxinjaliklar ortga qaytishni istamaydi, chunki Myanma hukumati ularning tug’ilib o’sgan qishloqlariga emas, boshqa hududlarga borishini istaydi.

"Roxinjaliklar yashagan 300 tacha qishloqning deyarli bari yonib kul bo’ldi, taxminan 48 tasi buldozerlar bilan tekislandi. Hukumat roxinjaliklarning u yerlarga qaytishini xohlamasligi ko’rinib turibdi. Yangi joylarga esa hech birimizning borgimiz yo’q, ochiq qamoqxonadan boshqa narsa emas”, - deydi u.

Avgust oyida Myanma armiyasi Rakxayndagi qishloqlarga kirib, minglab odamlarni o’ldirganlikda, zo’rlaganlikda, uylariga o’t qo’yganlikda ayblanmoqda. Yuz minglab roxinjaliklar uy-joylarini tashlab, qo’shni Bangladeshga qochishga majbur bo’ldi. Myanma hukumati zo’ravonliklar va vahshiyliklar haqidagi ayblovlarni inkor etmoqda.

Bangladesh 700 ming roxinjalik qochqinni qaytarish haqida Myanma hukumati bilan o’tgan yili hujjat imzolagan. Fevral oyida esa Bangladesh Ichki ishlar vaziri Asaduzzamon Xon Kamol repatriatsiya uchun 8032 ta roxinjalik ro’yxatini myanmalik hamkasbiga uzatdi.

“Ro’yxatdagi odamlarning shaxslarini tasdiqlayapmiz. Bunga bir haftacha vaqt ketadi. Chegaramizdagi ikki o’tish punktidan bir kunda 300 qochqinni qabul qila olamiz”, - deydi Myanma vaziri Vin Myat Ay.

Biroq roxinjaliklar jamoasi Myanma hukumatini repatriatsiya masalasida samimiyatsizlikda ayblamoqda. Ularning yetakchisi Ko Ko Linning aytishicha, roxinjaliklarni Rakxaynda hali ham nishonga olishmoqda, qaytish uchun sharoit mavjud emas.

“Mana shu haftaning o’zida ko’plab roxinjaliklarning uylarini o’marishdi, yoqishdi. 1-mart kuni esa 6000 odamni o’qqa tutishdi, yarmi Bangladeshga qochishga majbur bo’ldi”, - deydi u.

Qochqinlar lagerlaridagi odamlar repatriatsiya rejasiga qarshi namoyish qildi. Fuqarolik qaytarilmas va xavfsizlik kafolatlari berilmas ekan, Myanmaga qaytmaymiz, deydi ular.

“O’z uylarimizga qaytishni istaymiz, Birlashgan Millatlar Tashkilotining tinchlikparvar kuchlari xavfsizligimizni ta’minlasin, ayrilgan mulkimizni Birma hukumati tiklab bersin, zararini qoplasin”, - deydi Muhammad Islom ismli jamoa yetakchisi.

Repatriatsiya rejasi tanqidchilariga ko’ra, Myanma va Bagladesh hukumatlari muzokaralariga birorta roxinjalik taklif etilmagan, roxinjaliklarning taqdiri ularning ishtirokisiz hal qilinmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG