Breaking News

Rossiya Ukraina isyonchilarini qurollantirayotgani haqidagi da'volarni inkor etdi


Rossiya qurollari va Ukraina
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:26 0:00

Rossiya qurollari va Ukraina

Prezident Viktor Yanukovich hokimiyatdan quvilgandan so’ng Qrim Rossiya tarkibiga qo’shib olingach, Kreml ayirmachi kuchlarni qo’llab-quvvatlash maqsadida mintaqaga askar va qurol-aslaha yuborganini inkor etgan edi. Endi esa Kreml xuddi shu taktikani janubi-sharqiy Ukrainada ham qo’llamoqda

Ukraina isyonchilarining Ikkinchi Jahon urushi timsoli sifatida o’rnatilgan tankdan ham foydalanishga urinayotgani ularning qurol-aslaha tanqisligiga yuz tutganidan darak beradi.

Prezident Putin 4-iyun kuni fransuz jurnalistiga bergan intervyusida Rossiyaning Ukraina ayirmachilariga odam va texnika yuborayotgani haqida AQSh rasmiylari berayotgan ma’lumotlar yolg’on ekanini ta’kidladi.

“Ukrainaning janubi-sharqida qurollangan harbiylar yo’q, Rossiya instruktorlari ham yo’q va hech qachon bo’lmagan. Isbot bormi? Nega ular dalilsiz gapiradi?” – dedi Rossiya rahbari.

Putin iddaolariga qaramay, o’tgan hafta “YouTube” video saytida Donetsk ko’chalarida T-64 rusumidagi Rossiya tanki yurgani tasvirlangan video tarqaldi.

So’ngra NATO sun’iy yo’ldoshidan olingan suratlar paydo bo’ldi. Ularda tanklar Rossiya janubidan kelgani va ular tarkibida hatto raketa otuvchi moslamalar bo’lgan katta qurol-aslaha konvoyining bir qismi ekani aks etgan.

Moskvalik harbiy tahlilchi Pavel Felgengauerning aytishicha, Kreml tanklarni isyonchilar ruhini ko’tarish uchun yuborgan bo’lishi mumkin.

“Bu tanklar ruhni ko’tarish vositasi hisoblanadi. Shu sababdan ular G’arb uchun emas, mahalliy aholi uchun ko’z-ko’z qilingan”, - deydi u.

Isyonchilar borgan sari Ukraina armiyasi tomonidan o’rab olinmoqda.

Guruh yetakchisi Igor Strelkov Rossiyadan ko’proq qurol yuborishni so’radi.

Boshqa yetakchilar esa hatto Moskvaga borib, bunday iltimosni shaxsiy uchrashuvlar chog’ida bildirdi.

Millatchi qarashlarga ega tahlilchi Sergey Markov Moskva Ukrainaning Donbass mintaqasiga muhtoj ekanini, bu hudud Rossiya va G’arb o’rtasida xavfsizlik yo’lagi vazifasini bajarishini aytadi.

“Rossiya Donbassni boy berolmaydi. Chunki undan keyingi zarba Rossiyaga qaratiladi”, - deydi u.

Markovga ko’ra, agar Rossiya Kiyevdagi yangi hukumatni hokimiyatdan chetlashtirmasa, xavfsizlik borasidagi oqibatlar Rossiya uchun ayanchli bo’ladi.

“Ikki yarim yil ichida NATO va Ukraina armiyasi Rossiyani Qrim orqali bosib oladi”, - deydi u.

Ukrainaning yangi prezidenti Petro Poroshenko bir tomonlama ravishda janglarni to’xtatishni taklif qilmoqda.

Biroq u bundan avval Rossiyadan kelayotgan qurol-aslahaning yo’lini to’sish uchun 2000 kilometrlik chegara nazorat ostiga olinishi kerak, degan fikrda.

Chegaraning boshqa tarafida esa Rossiya harbiylari sonini oshirmoqda. Tahlilchi Felgengauer fikricha, iyul-avgust oylarida Rossiya chegarani kesib, hujumga o’tishi mumkin.

“Isyonchilarning taslim bo’lishi tahdidi tug’ilsa, Rossiya Ukrainaga o’z qo’shinlarini kiritadi”, - deydi u.

Shu hafta boshida Rossiya Ukrainaga gaz sotishni to’xtatganidan keyin Yevropaga gaz eltuvchi quvurda portlash yuz berdi. Ukraina rahbariyati buni terrorchilik harakati deya baholab, undan ko’zlangan maqsad Ukrainaning energiya ta’minotidagi ishonchli obro’siga putur yetkazish ekanini ta’kidladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG