Breaking News

Boltiqbo'yi davlatlarining Rossiyadan xavotiri kuchaymoqda


Litvada harbiy mashg'ulotlarda qatnashayotgan AQSh askari, 9-aprel, 2015-yil.
Litvada harbiy mashg'ulotlarda qatnashayotgan AQSh askari, 9-aprel, 2015-yil.

Rossiyada Estoniya xavfsizlik xizmati xodimining josuslikda ayblanib 15 yilga ozodlikdan mahrum qilingani Moskva va Boltiqbo'yi davlatlari orasida ziddiyat kuchayib borayotganining yana bir dalili. NATO Rossiyaning rusiyzabon aholi orasida beqarorlik uyg'otishga urinayotganidan xavotirda.

Boltiqbo'yi davlatlari va Rossiya, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:15 0:00

Latviya poytaxti Rigada tashkil etilgan Strategik kommunikatsiya markazinig ochilish marosimida Boltiqbo'yi davlatlari va NATOning boshqa a'zolaridan rasmiylar ishtirok etdi. Yangi markaz kiberxurujlar va Rossiya propagandasining yo'lini to'sish bilan shug'ullanadi. Rigaga kelgan rasmiylar orasida AQSh senatori Jon Makkeyn ham bor.

"Bu markaz NATO a'zolari xalqiga, xususan, Boltiqbo'yi davlatlariga haqiqatni va real voqelikni yetkazishda yordam beradi. Biz bu propagandani to'xtata olishimizga ishonchim komil, chunki u yolg'on", - deydi senator Makkeyn.

Tahlilchi Igor Sutyagin fikricha, Rossiya Estoniya, Latviya va Litvada beqarorlik keltirib chiqarishga urinmoqda.

"Estoniyada, Boltiqbo'yi jamiyatlarida ijtimoiy ziddiyatlarni yaratishga urinishlar bor. Bu davom etayotgan jarayon. Shunday ekan, tahdidning mavjudligi aniq", - deydi u.

Sutyaginning aytishicha, Moskva propagandasi, asosan, Boltiqbo'yi davlatlarida yashovchi va Rossiya pasportiga ega rusiyzabon aholiga qaratilgan.

"Ularning fuqarolikka ehtiyoji yo'q. Ammo bu ularning Rossiyani qo'llab-quvvatlashini yoki Rossiyaning kelishini xohlashlarini bildirmaydi", - deydi u.

Estoniya, Latviya va Litva NATO a'zolari bo'lib, blok nizomining 5-moddasiga ko'ra, tashqi tahdidlar yuz bergan holatda, to'liq himoya bilan ta'minlanadi.

2014-yil sentabrda Rossiya tomonidan hibsga olingan Estoniya xavfsizlik idorasi xodimi shu hafta 15 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Rasmiy Tallin uning begunoh ekanini va Estoniya hududida hibsga olinganini aytmoqda. Rossiya kuchlarining uni Estoniya ichida qo'lga olgani NATO uchun ochiq tahdid, deydi Sutyagin.

"Estoniyada Koxverning o'g'irlangani allaqachon NATO hududiga bosqin uyushtirildi, degani. Hech kim bunga e'tiroz bildirmadi. Shuning uchun tahdid allaqachon shu yerda va undan saboq chiqarish kerak. Ular bitta-bitta qadam tashlab kirib kelishyapti. Bu voqea birinchi qadam bo'ldi", - deydi Sutyagin.

Estoniya ehtimoliy Rossiya bosqiniga javoban mudofaa byudjetini yalpi ichki mahsulotning 2 foiziga chiqardi. Boshqa qo'shni davlatlar hali bu yo'ldan yurgani yo'q, deydi Yevropa yetakchilik tarmog'i tahlilchisi Lukas Kulesa.

"Litva va Latviya Rossiya yuzasidan ko'p xavotir bildiradigan davlatlar edi. Lekin ular yalpi ichki mahsulotning faqat bir foizini mudofaa uchun sarflashyapti", - deydi tahlilchi.

AQSh Boltiqbo'yining har uch davlatida tank, artilleriya va boshqa og'ir qurollarga ega. Vashington bu o'lkalarning hududiy daxlsizligini himoya qilishga yordam berishini aytgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG