Breaking News

Rossiyaliklar Berlin devori qulashini qanday eslaydi?


Brandenburg darvozasiga g'arbiy Berlindan nazar. 13-avgust 1961-yil
Brandenburg darvozasiga g'arbiy Berlindan nazar. 13-avgust 1961-yil

9-noyabr, yakshanba kuni Berlin devorining qulaganiga 25 yil to’ladi. 1989-yildagi bu muhim hodisa Sovet Ittifoqining parchalanishidan ikki yil oldin ro'y berdi. Sovuq urush tugaganidan chorak asr o'tib, G’arb va Sharq o’rtasida ziddiyat yangi pallaga kirgan bir paytda Rossiyada bu sanaga munosabat qanday?

Moskva markazidagi bog’da Berlin devorining bir parchasi bor. O’rtasida teshik, undan esa temirdan yasalgan kapalaklar uchib chiqadi. Bu erkinlik ramzi, deydi bog'ga egalik qiladigan Saxarov markazi xodimi Natalya Samover.

“Erkinlikning go’zal namoyondasi bu. Erkinlikning unga erishgan insonlar uchun mas’uliyat ekanini eslatadi. Biz buni kech tushundik”, - deydi u.

1989-yil 9-noyabr kuni Berlin devorining ikkala tarafida namoyishchilar yig’ildi. Chegarachilar tartibni saqlashga ojiz edi. 1961-yildan buyon ilk bor Berlinning g’arb va sharq tomonida yashovchi aholi birlashdi.

Bu tarixiy voqeaning 25 yilligi munosabati bilan sobiq “temir parda”ning ikkala tarafidagilar bugun mulohaza yuritmoqda. Rossiya Fanlar akademiyasi a'zosi Yuriy Pivovarov rossiyaliklarning o’sha voqeaga munosabati haqida gapiradi.

“Bir tarafdan, "qayta qurish"dan va Sovet Ittifoqining o’shandagi rahbari Mixail Gorbachyov boshlagan demokratik islohotlardan umid katta edi. Boshqa tarafdan, aholining bir qismi, ya’ni kommunistlar bu voqealardan afsusda edi. Berlin devorining qulashi ular uchun Sovet Ittifoqining qulashidan nishona edi. Va ular haq bo’lib chiqdi”, - deydi olim.

Darhaqiqat, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Sovet Ittifoqining parchalanishini XX asrning eng katta geosiyosiy fojeasi deb ta’riflagan. Ammo rossiyaliklar bugun qanday fikrda?

Moskvadagi Karnegi tadqiqotlar markazi rahbari Dmitriy Treninning aytishicha, Sovet Ittifoqining yemirilishi bilan kommunizmning qulashi boshqa boshqa narsa.

"Birinchisi ko’plar uchun fojea bo’ldi. Nafaqat imperiya quladi, balki tartib, ijtimoiy himoya tizimi, turmush tarzi izdan chiqdi”, - deydi u.

Qrim Rossiyaga qo'shib olinganidan beri Prezident Putinning reytingi 85 foizdan oshib ketdi. G'arb Rossiyani Ukraina sharqiga askar va qurol yuborganlikda ayblaydi.

Berlin devori qulaganining 25 yilligi G'arb va Sharq o'rtasidagi bugungi qarama-qarshilikni baholashga yaxshi bir imkoniyat, deydi Pivovarov.

“Kremlning siyosati va so’nggi hodisalar Berlin devorini ma’lum ma’noda qayta tikladi. Ammo bu safar devor Berlinda emas, Rossiya-Ukraina chegarasida qad ko’tarmoqda. Rossiya hozirda o'z tarixida Berlin devorining qulashidan buyon eng xavfli bosqichni boshdan kechiryapti”, - deydi olim.

Germaniyaning Moskvadagi elchixonasida 25 yil avvalgi voqealarga bag’ishlangan fotoko’rgazma tashkil etildi. Dmitriy Vrubel “Xudoyim, bu halokatli muhabbatdan o’zing asra” deb nomlangan devordagi freska muallifi.

“So’nggi chorak asrda odamlar ongida, insoniyat tarixida hamda siyosatda Berlin devori o’rnida boshqa devor vujudga keldi. Yevropa uchun Berlin devori muhim siymo bo’lib qolmoqda. Dunyoning ikkiga ajralishi siymosi”, - deydi Vrubel.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG