Breaking News

Moskvada COVID-19 bemorlarini kuzatuvchi ilova tanqid ostida


Rossiyada koronavirus bemorlarini nazorat qiluvchi ilova tanqid ostida. Moskva rasmiylari bu virus tarqalishining oldini olish uchun zarur desa, tanqidchilar qonunni buzmagan fuqarolar ham adolatsiz ravishda jarimaga tortilayotganini aytadi.

Vladimir Perevalov koronavirus alomatlarini sezgach, uyda o’tirishga qaror qildi va mahalliy kasalxonaga xabar berdi. Shundan so’ng u koronavirus bemorlarining karantinga rioya qilishini nazorat qiluvchi “Ijtimoiy nazorat” ilovasini smartfoniga yuklab oldi.

Bemorning joylashuvini GPS koordinatlari orqali aniqlovchi ilova vaqti-vaqti bilan bemordan uyda ekanini isbotlash uchun selfi yuborishni so’rab turadi. Agar bemorning uyda emasligi aniqlansa, unga 56 dollar miqdorida jarima yoziladi.

Perevalov selfilarni kanda qilmaganini va uydan chiqmaganini aytadi, ammo shunga qaramay, uch marta jarima olgan.

“Avvaliga nega bunday bo’lganini tushunmadim. Axir uydan chiqmagan bo’lsam. Jarima borligini ham bilmagan edim. Shundan keyin buning tagiga yetishga qaror qildim”, - deydi u.

Biroq Perevalov tegishli idoraga qo’ng’iroq qilib tusha olmaganini aytadi. Ko’plab odam ilovaning texnik xatosi qurboni bo’lganidan shikoyat qilgan.

Rossiya bir kunda virus yuqtirganlar soni bo’yicha dunyoda peshqadam bo’lib, so’nggi bir kunda 8800 dan ziyod odam virus yuqtirgani ma’lum bo’ldi. Jami mamlakatda 423 mingdan ortiq koronavirus bemori qayd etilgan, 185 mingdan ko’pi Moskvada.

“Ijtimoiy nazorat” ilovasi aprel boshida ishlab chiqilib, koronavirus bemorlari uni o’z telefoniga yuklashi shart. Shu kunga qadar salkam 70 ming odam uni yuklab olgan. Bir oydan oshiq vaqt ichida poytaxtda jami 3 million dollarga teng 54 mingta jarima yozilgan.

Rasmiylar jarimalar asosli ekanini da’vo qilarkan, bemorlar karantin qoidalariga rioya qilmayotganini aytadi. Bemorlar esa ilova yaxshi ishlamayotganiga ishora qiladi. Nohaq jarimalardan norozilar sudga shikoyat qilmoqda. Ayni paytda Moskva sudlarida 200 dan ziyod o’xshash da’vo ochilgan.

Ilovani bekor qilishga qaratilgan onlayn iltimosnomani 94 mingdan oshiq odam imzolagan.

Ilova ba’zan bemorlardan tunda selfi qilib yuborishni so’raydi. Ilova talabiga bo’ysunmaganlarga ham jarima bor, biroq uyqudagi odamning selfi qilish imkoni yo’qligini tan olgan amaldorlar o’tgan oy 468 ta jarimani bekor qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG