Breaking News

Salomatlik yoki farovonlik - rossiyalik tadbirkorlar oldidagi qiyin tanlov


Rossiyada koronavirus bilan kasallanganlar soni kamaymayotganiga qaramay karantindan charchagan va zarar ko’rayotgan kompaniyalar tezroq ishga tushib ketishni istaydi.

“Judayam umidsizlanganman. Ayrim salon egalari ijara haqqini to’lolmay salonni butunlay yopishga majbur bo’ldi. Maosh va jihozlarga ham pul yo’q. Ba’zilar uydan ishlayapti”, - deydi Sankt-Peterburgdagi go’zallik saloni sohibasi Marina Tazetdinova.

Mintaqaviy hukumatlar koronavirus tarqalishining oldini olish uchun choralar ko’rmoqda. Shimoliy poytaxtda bizneslar yopilgan, biroq uyda o’tirish majburiy emas. Yaqindan beri barchaga niqobda yurish buyurildi.

“Tashabbusni olqishlayman, ammo men kabi nafaqadagilar moddiy tomondan buni ko’tara olmaydi”, - deydi Larisa ismli ayol.

“Buni o’ylab topganlar oddiy tamoyillarni tushunmaydi. Amaldorlar odamlarga gavjum joydan chiqqanda niqobni almashtirish muhimligini tushuntirgani yo’q”, - deydi o'zini Aleksey deb tanishtirgan sankt-peterburglik.

Rossiya bo’ylab eng ko’p kasallanganlar Moskvada. Poytaxt aholisi ikki oydan beri uyda o’tiribdi.

“Boshqa mintaqalarda virus kamroq tarqalgan. Bemorlarning 60 foizi Moskva va uning atrofidan”, - deydi Moskva davlat universiteti iqtisodchisi Natalya Zubarevich.

Infeksiya mintaqalarni qattiq urmagani bilan iqtisodiy ahvol hamma joyda bir xil – ayanchli.

Vladikavkazda yaqinda 2000 ga yaqin odam karantinga qarshi chiqib politsiya bilan to’qnashgan.

“Shimoliy Kavkazda mayda savdo keng tarqalgan. Dehqon bozorlari, kichik supermarketlar. Prezident Vladimir Putin ishni to’xtatib, uyda o’tiringlar deganidan so’ng namoyish bo’ldi. Odamlar oilalarni boqishi kerakku axir!” – deydi Zubarevich.

Inqiroz qachon tugashini hech kim aniq bilmaydi. Tarozining bir pallasida inson salomatligi bo’lsa, ikkinchisida farovonligi. Biznes egalari mana shu qiyin tanlov oldida turibdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG