Aleksey Navalniy prezidentlikka yana harakat qiladi

  • Amerika Ovozi

Rossiyada muxolifat lideri Aleksey Navalniy prezidentlik poygasida qatnashish uchun dastlabki shartlarni bajarganini bildirmoqda.

Amaldagi Prezident Vladimir Putinning ashaddiy tanqidchisi 742 imzo to'plagan. Qonunga ko'ra, rasman nomzodlik jarayonini boshlash uchun kamida 500 imzo yig'ish lozim. Ammo Rossiya Markaziy saylov komissiyasiga ko'ra, Navalniy korrupsiya aybi bilan qamalib chiqqani sabab prezidentlik saylovida qatnasha olmaydi.

"Bu mamlakatda Putin va uning boshqaruvi keng ko'lamli quvvatlovga ega emas", - deydi 41 yoshli Navalniy. U o'zini haqiqiy nomzod deb ta'riflamoqda. Agar poygadan chetlatilsam, saylovni boykot qilamiz, deydi u.

Faolning tarafdorlari bir qancha shaharlarda, jumladan Moskva va Sankt-Peterburgda namoyishlar o'tkazib, imzo to'plagan. 2018-yilning martida o'tadigan saylovda Vladimir Putin g'alaba qilishi kutilmoqda.

Ommaviy norozilik namoyishlari va siyosiy aksiyalar o'tkazgani uchun Aleksey Navalniy o'tgan bir yilda uch marta qamalgan. Hukumatning maqsadi meni siyosatdan chetlatish, deydi u.

So'rovlarga qaraganda Putinni saylovchilarning 80 foizi qo'llab-quvvatlaydi. Ammo mamlakatning chekka hududlarida kampaniya olib borgan Navalniy ham tarafdori sonini oshirishga erishdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG