Breaking News

Kuzatuvchilar: Rossiyadagi saylovda haqiqiy tanlov bo'lmadi


Prezident Vladimir Putin tarafdorlari davrasida, Moskva, 18-mart, 2018-yil.

Xalqaro kuzatuvchilarning aytishicha, Rossiyada o'tgan prezidentlik saylovida Vladimir Putinning raqiblariga saylov kampaniyasi olib borish uchun yetarlicha imkoniyat berilmagan. Davlat ommaviy axborot vositalarida Prezident Putin faoliyatining uzluksiz yoritilishi uning boshqa nomzodlardan ustunligini ta'minlagan, deya bayonot chiqardi Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT).

Putin saylovda osonlikcha g'alaba qozonib, o'z muddatini yana olti yilga uzaytirdi.

Kuzatuvchilar fikricha, Rossiyaning navbatdagi prezidentlik saylovi kutilgandek yakun topdi. Saylovchilarda haqiqiy tanlov imkoniyati bo'lmadi, chunki muxolifat kuchli bosim ostida, deydi ular.

"Nomzodlar umuman olganda erkin kampaniya olib borgan bo'lsa-da, amaldagi prezident ishining matbuotda muntazam va ijobiy yoritilishi teng bo'lmagan raqobat maydonini yaratdi. Ovozlar maxfiyligi va sanashdagi oshkoralikka oid kamchiliklar bo'lsa-da, umuman olganda, saylov kuni tartibli o'tdi", - dedi YXHT vakili Maykl Jorj Link.

Hatto saylovdan oldin ham Putinning raqiblari g'alabadan umid qilmayotganini aytgan edi. Saylovning qonuniyligini savol ostiga olgan bir necha faol hibsga olindi. Kuzatuvchilar byulletinlarning ko'plab tashlanishi va fuqarolarga ovoz berish uchun katta bosim o'tkazilgani haqida xabar berdi.

Tahlilchilarga ko'ra, Putin o'z faoliyatining qonuniyligini ko'rsatish uchun ko'proq odam ovoz berishga chiqishini istagan.

"Bu saylov emas, ovoz berish. Chunki raqobatli saylovda navbatdagi rahbar saylanmayapti. Boshqa hech kim yutishi mo'ljallanmagan. Shunchaki, ovoz berish jarayonida jamoatchilik qo'llab-quvvatlov ko'rsatyapti. Bular qaysidir darajada haqiqiy. Bu nimani anglatadi? Putin G'arbga qarata, agar Rossiya bilan ishlashni xohlasangiz, men bilan ishlashga majbursiz demoqchi", - deydi Karnegi jamg'armasining Moskvadagi idorasi tahlilchisi Aleksandr Baunov.

Rossiyani qariyb 20 yildan beri boshqarayotgan Putin saylovda shu paytgacha erishgan eng yaxshi natijasini qayd etdi: ovozlarning 77 foizini qo'lga kiritdi. Tahlilchilar fikricha, Putin olti yildan keyin ham Kremlni o'z ta'sirida ushlab turadi.

"Menimcha, Putin endi hokimiyatni topshirishga harakatni boshlaydi. Prezident Putindan navbatdagi prezidentga emas, balki Prezident Putindan boshqa lavozimdagi Putinga", - deydi mustaqil ekspert Nikolay Petrov.

Oxirgi 20 yil davomida Putin mamlakatni prezident va bosh vazir lavozimlarida boshqarib kelmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG