Breaking News

Yevropa Ittifoqi Rossiyaning 4 rasmiysini qora ro'yxatga kiritdi


(Arxiv surat) Rossiya Tashqi ishlar vaziri va Yevropa Ittifoqining tashqi aloqalarga mas’ul rasmiysi Jozep Borell

Rossiyada muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy qamalishi ketidan Yevropa Ittifoqi bu mamlakatning 4 amaldorini qora ro’yxatga kiritdi. Navalniy safdoshlari ittifoqdan Prezident Vladimir Putinga yaqin odamlarni ham sanksiya bilan siylashga chaqirmoqda.

Xalqaro hayot – 24-fevral, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:40 0:00

Biroq hozircha Rossiya Tergov qo’mitasining raisi Aleksandr Bastrikin, Bosh prokuror Igor Krasnov, Milliy gvardiya rahbari Viktor Zolotov va Jazolarni o’tash federal xizmati direktori Aleksandr Kalashnikov qora ro’yxatda.

“Ilk bor Yevropa Ittifoqining global inson huquqlariga doir qonunini qo’llayapmiz”, - deydi ittifoqning tashqi aloqalarga mas’ul rasmiysi Jozep Borell.

Qora ro’yxatga tushgan rasmiylarning Yevropadagi mulki muzlatilib, ittifoqqa a’zo mamlakatlarga kirishi taqiqlanadi.

“Inson huquqlarini poymol etgan odamlarga nisbatan ilk bor xususiy sanksiyalar qo’llanmoqda. Bu Yevropa bilan muzokaraga yo’l ochadi, rejimga aloqador odamlarga aniq signaldir”, - deydi Navalniy shtabi rahbari Leonid Volkov.

2009-yilda Rossiya qamog’ida o’lgan hisobchi Sergey Magnitskiy bilan ishlagan moliyachi Bill Brauder say’-harakatlari bilan Yevropa Ittifoqi inson huquqlari buzg’unchilariga qarshi qonun qabul qilgan.

“Aleksey Navalniy, men va boshqalarga shunisi aniqki, avvalambor Putinning kassachilarini, undan pul olayotgan va unga pul berayotgan milliarder hamtovoqlarini qora ro’yxatga kiritish kerak. Shundagina Putin o’ziga kelib, e’tibor bera boshlaydi”, - deydi Brauder.

Yevropaning ayrim mamlakatlari ham Kremlga qarshi qattiqroq chora ko’rishga chaqirmoqda. Xususan, Polsha va Ukraina Rossiyadan Yevropaga Ukrainani chetlab gaz uzatishni maqsad qilgan “Shimoliy oqim-2” quvur qurilishini bekor qilishga da’vat etmoqda. Tanqidchilar nazarida, quvur Putinga Yevropaga bosim qo’yishga imkon beradi.

“Putin gazdan geosiyosiy qurol sifatida foydalanganidan keyin ham Rossiya gaziga yanada tobe bo’lish toza siyosiy bema’nilikdir”, - deydi moliyachi Brauder.

Germaniya “Shimoliy oqim-2” loyihasining siyosatga aloqasi yo’qligini bildirmoqda.

AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp quvur qurilishiga aloqador kompaniyalarga qarshi sanksiya joriy etgan edi. Amerikaning Germaniya bilan aloqalarni buzishni istamayotgan yangi rahbari Jo Bayden bu masalada hozircha aniq qarorga kelgani yo’q.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG