Breaking News

Rossiya Erondan sanksiyalarni chetlab o'tishni o'rganmoqda


Rossiya Eron kabi G’arb sanksiyalarini aylanib o’tishga harakat qilmoqda. Britaniyaning Mudofaa izlanishlari bo’yicha qirollik birlashgan instituti tayyorlagan hisobotda shunday deyiladi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham kuni kecha shu haqda gapirdi.

“Afsuski, terrorchi davlat dunyo texnologiyalarini ta’minotchilar tarmog’i orqali olishga intilib xalqaro sanksiyalarni chetlab o’tmoqda”, - deydi u.

Londonda asoslangan institut chop etgan hisobot muallifi Tom Kitingning aytishicha, Rossiya sanksiyalarga moslashmoqda.

“Mudofaa sanoati uchun kerakli elektron komponentlarni olishga, daromadining asosiy manbai bo’lgan yoqilg’isi uchun yangi bozorlarni topishga intilishmoqda”, - deydi mutaxassis.

Rossiya 2022-yilda iqtisodiyoti 2,1 foizga qisqarganini bildirdi. Bu ko’plar bashorat qilganidan ancha kam. Rossiya xom neftining Xitoy va Hindistonga eksporti may oyida eng yuqori nuqtaga chiqdi.

Sanksiyalar Rossiya bilan savdo qilayotgan G’arb hukumatlari va kompaniyalarini nishonga oladi, xolos.

“Agar siz Hindistonda joylashgan bank bo’lsangiz, rus banki bilan bemalol ishlashingiz mumkin”, - deydi Kiting.

Unga ko’ra, Rossiya sanksiyalarni chetlab o’tishda Eron tajribasini o’rganmoqda.

“Neftini eksport qilishga harakat qilayotgan Eron so’nggi yillarda buning ko’plab yo’llarini topdi va Rossiya bu usullarni ishga solayotganini ko’ra boshladik. Masalan, neft tankerlarining soyali flotlari. Tunda neft bir tankerdan ikkinchisiga o’tkaziladi, tankerning geolokatsiyasi o’chiriladi. Turkiya yoki Birlashgan Arab Amirliklari kabi mamlakatlardagi kompaniyalar yordamida neftning kelib chiqishi yashiriladi”, - deydi Kiting.

Eron va Rossiya moliyaviy tizimlarini bir-biriga ulab, tranzaksiyalarni SWIFT xalqaro to’lovlar tizimidan tashqarida amalga oshirmoqda. O’tgan oy Rossiyaning ikkinchi yirik banki VTB Tehronda idorasini ochdi.

Kitingning aytishicha, Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o’tishiga imkon bermaslik maqsadida G’arb xususiy sektorga noqonuniy savdo holatlarini aniqlashni o’rgatishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG