Breaking News

Rossiyada qisman safarbarlik davom etmoqda


Fevral oxirida Ukrainaga qo’shin yuborgan Kreml qisman safarbarlik yordamida qo’shimcha 300 ming askar to’plashga umid qilyapti. Bu Ikkinchi jahon urushidan beri Rossiyada ilk mobilizatsiya.

Xalqaro hayot - 26-sentabr, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:44 0:00

Prezident Vladimir Putin safarbarlikni oldindan rejalaganmi yoki bu tadbir Ukraina qurolli kuchlarining qarshi hujumlarida qo’lga kiritilgan yutuqlariga javob chorasimi, ma’lum emas.

Safarbarlik Ukrainaning Rossiya qo’shinlari nazoratidagi to’rt viloyatida o’tayotgan referendum bilan bir paytda amalga oshirilyapti. Rossiya rasmiylariga ko’ra, Lugansk, Donetsk, Zaporojye va Xerson oblastlarida saylovchilarning 50 foizidan ko’pi ovoz bergan. Qonunchilar 29-sentabr kuni ushbu hududlarni Rossiya tarkibiga qabul qilish masalasini ko’rib chiqishi kutilmoqda.

G’arb davlatlari referendumni soxta deb atarkan, uning natijalarini tan olmasliklarini bildirishmoqda. 2014-yilda Rossiyaga qo’shib olingan Qrimda o’tgan referendum natijasi ham tan olinmagan, aksariyat mamlakatlar Qrimni Rossiya hududi deb bilmaydi.

Ayrim joylarda safarbarlikka norozilik va e’tiroz bildirilmoqda. Safarbarlik va harbiy xizmatdan bo’yin tovlash uchun jinoiy jazo belgilangan. Fuqarolarning ayrimlari qo’shni mamlakatlarga qochmoqda. Dog’istonda urushga qarshi ayollar bosh ko’targan. Irkutsk oblastida esa bugun bir odam voyenkomatga qurol bilan kirib, harbiy komissarni otib yaralagan. Ryazanda esa urushga borishni istamagan bir yigit o’zini yoqib yuborgan.

Safarbarlikdan qochayotganlarni Markaziy Osiyo davlatlarida, Turkiyada, Kavkazda ko’rish mumkin. Gruziya poytaxti Tbilisiga so’nggi bir necha kunda 40 mingga yaqin odam kirgani aytilmoqda.

"Safarbarlik e’lon qilinishi bilan hamma narsani tashladimu, mashinaga o’tirib yo’lga chiqdik”, - deydi Dmitriy Kuriliyunok ismli bir moskvalik.

Yil boshidan beri O’zbekistonga salkam 40 ming rossiyalik ko’chib borgan. Shularning qanchasi Ukrainadagi urushga noroziligi sabab va yana qanchasi safarbarlik tufayli qochgani ma’lum emas.

“Urushga butunlay qarshimiz. Bu amaliyot emas, bu Rossiyaning Ukraina hududidagi urushi. Boshqalarni o’ldirishga qaratilgan urush. Nima uchun? Tushunmaymiz”, - deydi rafiqasi va qizi bilan Tbilisga qochgan bu odam.

G’arbdagi ayrim kuzatuvchilar safarbar etilayotgan zaxirachilarning jangovar tayyorgarligiga shubha bilan qararkan, qo’shimcha askarlar jang maydonida jiddiy o’zgarishlarga yetaklamasligini aytadi.

“Nyu-York Tayms” gazetasiga ko’ra, Prezident Vladimir Putin harbiy strategik rejalashda faolroq ishtirok etarkan, yuqori lavozimli ayrim harbiylar bilan ziddiyatlar yuzaga kelayotgani aytilmoqda.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Eronni Rossiyaga harbiy dronlar yuborayotganlikda ayblarkan, ikki mamlakat diplomatik aloqalari taranglashyapti.

So’nggi kunlarda bunday dronlar Odessada bir necha obyektni nishonga olgan.

"Dushman raketalarni tejab, ulardan ancha arzonroq bo’lgan dronlarni ishga solyapti. Ba’zan bir nechtasini bir paytda”, - deydi Odessa viloyati boshqarmasi so’zlovchisi Sergey Bratchuk.

Ukraina hukumati Eron elchisini akkreditatsiyadan ayirdi, Tehron javob chorasi ko’rilishi haqida ogohlantirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG