Breaking News

Rossiya muxolifati xalq noroziligidan foydalanmoqchi


Moskvadagi namoyish paytida, 29-iyul, 2018-yil
Moskvadagi namoyish paytida, 29-iyul, 2018-yil

29-iyul kuni Rossiyaning ko'plab shaharlarida minglab odam nafaqa yoshining oshirilishi haqidagi rejadan norozilik bildirib, namoyish qildi. Rejaga ko'ra, nafaqa yoshi erkaklar uchun 60 dan 65 gacha, ayollar uchun esa 55 dan 63 gacha ko'tariladi. Bunga sabab nafaqa jamg'armasida pulning kamaygani.

Xalqaro hayot - 2-avgust, 2018-yil - Rossiya muxolifati xalq noroziligidan foydalanmoqchi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:37 0:00

Jahon sog'liqni saqlash tashkilotiga ko'ra, Rossiyada hayot davomiyligi erkaklar orasida 66 yoshni, ayollar orasida esa 77 yoshni tashkil etadi. Ya'ni yangi rejaga ko'ra rossiyalik erkaklar nafaqa mevasini ko'ra olmasligi ham mumkin.

Kommunistlar partiyasi, kasaba uyushmalar, so'l qanot guruhlar uyushtirgan namoyishda poytaxt Moskvada 10 mingdan ziyod odam qatnashdi. Asosiy mavzu nafaqa yoshining oshirilishi bo'lsa-da, namoyishchilar Prezident Putinning boshqa masalalardagi faoliyati xususida ham norozilik bildirdi.

"Mamlakatdagi jarayonlar, hukumatning ishi, Putinning ishi to'g'ri bo'lmayapti", - deydi bu odam.

Putinning ashaddiy tanqidchilaridan bo'lgan faol Aleksey Navalniy ham namoyishda qatnashdi.

"Buni nafaqat o'g'rilik, nafaqat korrupsiya deb atasa bo'ladi. Odamlarning yuz minglab, ba'zilarning hatto bir milliongacha rubllarini ochiqchasiga olib qo'yishmoqchi", - deydi u.

Biroq hukumat siyosatini himoya qilayotganlar ham bor. Ular nazarida, Sovet Ittifoqining qulashi va Rossiyaning zaiflashishi ketidan Putin mamlakatni oyoqqa ko'tardi.

"Rossiya floti mamlakatning mudofaa salohiyatini muvaffaqiyat bilan oshirmoqda. Xalqaro terrorizmga qarshi kurashda flotimiz salmoqli hissa qo'shmoqda, strategik tenglikni ta'minlashda ham katta rol o'ynamoqda", - dedi Putin Sankt-Peterburgda Flot kuniga bag'ishlangan tadbirda.

Bayram munosabati bilan o'tgan paradni tomosha qilish uchun ko'p odam to'plandi.

"Dengizda kemalarimizni, osmonda samolyotlarimizni ko'rganda ichimga faxr va quvonch sig'may ketadi", - deydi ulardan biri.

"Armiyamizning isloh bo'lgani quvonarli hol, aviatsiya ham bizni bugun ancha hayratga soldi", - deydi bu ayol.

Muxolif faollarning aytishicha, ularning adolatli va erkin Rossiya uchun harakati kengaymoqda.

"2011-yilda men o'zim shunday tadbirlarda qatnashganman. Putinni ketishga majburlay olmadik, ammo o'sha paytdagi namoyishchilarning ko'pi bugun mustaqil siyosatchiga aylangan, o'zgarishlar uchun qattiq harakat qilishmoqda", - deydi mahalliy deputat Anastasiya Bryuxanova.

Navalniy korrupsiyada ayblanib, 18-mart kuni o'tgan prezident saylovlarida qatnashish huquqidan mahrum bo'ldi. Uning o'zi ayblov ortida siyosiy sabablar borligini aytadi. Mustaqil kuzatuvchilarga ko'ra, saylovchida o'zi xohlagan nomzodga ovoz berish imkoniyati bo'lmadi, chunki hukumat siyosiy raqobatni cheklab qo'ygan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG