Breaking News

Iqtisodiy inqiroz oqibatida Rossiya aholisi qashshoqlashmoqdami?


Rossiyadagi iqtisodiy inqiroz oqibatida aholi qashshoqlashmoqdami? Narx-navoning ko'tarilgani, maoshlarning kesilgani xalq hayotini yanada og'irlashtirdi. Poytaxt Moskvada xayriya tashkilotlar va ijtimoiy xizmatchilar muhtojlarga yordam bermoqda.

Uysiz va kambag'allarga yordam beruvchi "Xaloskor armiya" tashkiloti Moskvada qorni och odamlarni ovqat bilan ta'minlamoqda. Ayrim ma'lumotlarga ko'ra, 20 milliondan ziyod rossiyalik o'tgan yildan beri qashshoqlikda yashaydi. Oziq-ovqat, kiyim-kechak qimmatlashgan, iqtisodiy rivojlanish to'xtagan.

Eng ko'p zarar ko'rganlar ishchi migrantlar.

“O'z mamlakatida ish yo'qligi tufayli ular Rossiyaga kelgan. Boqimanda oilalari ularga qarab qolgan. Uyga quruq qaytishdan uyalishadi”, - deydi tashkilot xodimi Artur Rahmonqulov.

Kompaniyalar ish o'rinlari va soatlarini qisqartirar ekan, ishsizlar soni oshmoqda.

Elektromuhandis Vladimir Zaxarov buyurtmalar kamayganidan, lat yegan oyog'ida og'riq kuchayayotganidan shikoyat qiladi.

"Ish yo'q, ijara haqqini to'lashga pul ham yo'q", - deydi u.

Iqtisodiyot o'tgan yili 3,7 foizga qisqardi, uysizlar ko'payayapti. Ularga yordam berish uchun Moskvada ishga tushgan ijtimoiy patrulning 2009-yilda bir dona mikroavtobusi bo'lgan bo'lsa, bugunga kelib avtopark 30 ta mashinadan iborat.

Moskvada uysizlar soni aniq emas, biroq mahalliy hukumat bunga, asosan, qashshoqlik emas, alkogolizm sababchi ekanini aytadi.

"Eng kam maosh oluvchi odamlar davlatdan ijtimoiy yordam olib turadi. Bu esa Rossiya fuqarosini uysiz bo'lishdan himoya qiladi, chunki qonunga ko'ra, kam daromad uyni olib qo'yish uchun asos bo'la olmaydi”, - deydi ijtimoiy xizmatchi Andrey Pentyuxov.

Hukumat bashoratiga ko'ra, joriy yilda ham ishsizlik sur'ati oshib boradi, rossiyaliklarning 26 foizi oilani tebratish uchun omonatini sarflashga majbur.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG