Breaking News

2012-yil saylovi Vladimir Putin uchun nimani anglatadi?


Prezidentlikka nomzod, Vladimir Putin, fevral, 2012-yil
Prezidentlikka nomzod, Vladimir Putin, fevral, 2012-yil

Bugun Rossiyada yakshanba kungi prezident saylovlaridan oldin so'nggi tashviqot kuni. Ommaviy so'rov natijalariga ko'ra, Bosh vazir Vladimir Putin g'olib bo'lishi kutilmoqda. Ammo Putin vazifani birinchi bosqichdayoq uddalaydimi yoki ikkinchi bosqichga ehtiyoj bo'ladimi? Tahlilchilarni asosan shu savol qiziqtirmoqda.

Saylovda qatnashayotgan besh nomzoddan biri Kommunistlar partiyasi rahbari Gennadiy Zyuganov, yana biri Liberal-demokratik partiya yetakchisi Vladimir Jirinovskiy. Zyuganov prezident saylovlarida to'rt bor, Jirinovskiy esa besh marta ishtirok etgan. Milliarder Mixail Proxorov va Senat sobiq raisi Sergey Mironov uchun bu birinchi saylov.

Nomzodlar orasida hozircha Vladimir Putin omadliroq. Ikki saylovda ikki g'alaba. Bu yilgisi uchinchisi. G'alaba bu safar ham Putin tomonida bo'lishiga shubha yo'q. Davlat apparati, ma'muriy resurslar, matbuot ustidan nazorat uning qo'lida.

Putin prezidentlikka qaytsa, amaldagi rahbar Dmitriy Medvedev hukumatda uning o'rnini egallashi mumkin.

O'tgan yil dekabrida yangi Duma saylandi, ammo muxolifat ovozlar keng miqyosda soxtalashtirishgan, deya yirik shaharlarda ko'p minglik namoyishlar uyushtirdi.

Amerikalik tahlilchi Robert Legvoldning aytishicha, chiqishlar Putin imijiga dog' tushirdi.

"Namoyishlarda jamiyatning turli qatlamlaridan odamlar ishtirok etdi. Sentabr oyida Putin saylovlarda qatnashish rejasini ma'lum qilgani xalqni g'azabga soldi. Shundan beri asosiy shior "yetar endi" bo'ldi. Xalq to'ygan", - deydi Legvold.

Saylov haqidagi qonunga ko'ra, yakshanba kuni hech bir nomzod 50 foizdan ko'p ovoz to'play olmasa, ikkinchi bosqich o'tkaziladi.

Massachusets shtatidagi Smit kollejida Rossiya bo'yicha ekspert Sergey Glebovning aytishicha, Putinning 50 foizlik marradan o'tishiga hech kimda shubha yo'q.

"Ammo unga qarshi kuchlar astoydil harakat qilsa, ikkinchi bosqichning o'tkazilishi ehtimoldan xoli emas", - deydi Glebov.

Tahlilchi Legvold nazarida har ikki holat Putinga salbiy ta'sir qiladi.

"Birinchi bosqichda yutib chiqsa, dekabrgi parlament saylovlarida o'zini aldangan deb bilgan va so'nggi kunlardagi namoyishlarda qatnashgan odamlarda natija soxta ekanini da'vo qilishga asos bo'lib, Putinga munosabati yanada salbiylashadi. Putin prezidentlikka ikkinchi bosqich orqali saylansa ham, unga qarshi ancha ovozlar berilganini bilib, yangi muddatni har qachongidan zaif pozitsiyadan boshlaydi", - deydi Legvold.

Sergey Glebov bu fikrga qo'shiladi.

"Bu gal saylovlar shunisi bilan keskin farq qiladiki, Putin g'alaba qozongan taqdirda ham 2004-yildagi kabi "butun xalq meni qo'llab-quvvatlayapti" deya olmaydi", - deydi tahlilchi.

O'shanda Putin 71 foiz ovoz bilan ikkinchi muddatga osonlikcha saylangan edi. Bugun esa uning reytingi 45 foiz atrofida.

Putin saylansa, muxolif kayfiyatdagi omma ko'nglini qayta ovlay olarmikan?

"Bu haqda hozirdanoq o'ylashi zarur, deydi Robert Legvold. Chiqishlarni kuch bilan bostiradimi yoki namoyishchilar talabiga quloq solib, tarafdorlari safini to'ldirish uchun ayrim islohotlarga ko'nadimi? Buni vaqt ko'rsatadi", - deydi tahlilchi.

Kuzatuvchilarni qiziqtirayotgan yana bir hol shuki, Putin saylangach, namoyishlar susayadimi yoki aksincha avjiga chiqadimi?

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG