Breaking News

Rossiyada stalinizm jonlanmoqdami?


Rossiyada Iosif Stalin shaxsi bo’yicha munozaralar tinmayapti. SSSRni o’tgan asrda 34 yil boshqargan rahbar so’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra Rossiya tarixidagi eng yorqin shaxs sifatida tan olindi. Uni millionlab odamlarning o’limida ayblayotgan tanqidchilari Stalinga bo’lgan qiziqish kuchayayotganidan xavotirda. Ba’zilar nazarida, Stalinning xatolari va jinoyatlari bilan bir qatorda mamlakat uchun erishgan yutuqlarini ham tan olmoq zarur.

Xalqaro hayot - 2-mart, 2018-yil - Rossiyada stalinizm jonlanmoqdami?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:48 0:00

Sovet tarixining Gulag mehnat lagerlari kabi og’ir mavzularini zamonaviy Rossiyada yoshlarga o’qitish oson emas. Moskvadagi Gulag davlat muzeyida “xalq dushmani” tamg’asini olgan odamlarning lagerdagi og’ir va ayanchli hayoti haqida ko’plab materiallar bor.

“20 million odam konsentratsion lagerlardan o’tdi, bir milliondan ziyodini otishgan yoki majburlab deportatsiya qilishgan”, - deydi muzey direktori Roman Romanov.

Repressiyalarning boshida Iosif Stalin turadi. Sovet Ittifoqi uning rahbarligida Ikkinchi jahon urushida natsistlar Germaniyasi ustidan g’alaba qozonganiga qaramay, uning qatag’onlarga aloqadorligi obro’siga dog’ tushiradi.

“Odamlar tabiiy ofatda o’lmagan. Bu davlat tomonidan puxta uyushtirilgan jinoyat edi. Hozirgi odamlarning buni tan olgisi yo’q, chunki hech kim o’z mamlakati haqida salbiy fikrda bo’lishni istamaydi. Yil sayin bu mavzuni o’rganishga qarshilik kuchaymoqda, chunki tanqidiy yondashuv Sovet davrini ulug’lashga halaqit beryapti”, - deydi “Memorial” inson huquqlari tashkiloti raisining o’rinbosari Nikita Petrov.

Tanqidchilarga ko’ra, Stalinni qo’msash har kuni o’z ifodasini topmoqda. Diktatorga haykallar va yodgorliklar qo’yilmoqda. Jamoat transportiga Stalinning surati tushirilgan siyosiy reklamani joylashtirish uchun pulni rossiyalik bir blogger internet orqali to’plagan. Sovet tarixini ulug’layotganim yo’q, deydi u.

“Stalin yaratgan sistema shubhasiz va cheksiz zulmkor bo’lgan, biroq qatag’onlarsiz, qurbonlarsiz mamlakatni oyoqqa qo’yib bo’lmasdi, uni agrar, iqtisodiy jihatdan qoloq davlatdan sanoatlashgan, rivojlangan mamlakatga aylantirib bo’lmasdi”, - deydi “Stalinobus” aksiyasi muallifi Viktor Loginov.

Gulag muzeyi xodimlariga ko’ra, yosh avlod Stalin davri haqiqatlari haqida ta’lim olmagan.

“Lagerlarda o’tirgan odamlarning ba’zilari hali ham hayot. Avlodlar o’rtasida kattakon jar bordek. Muzeydagi dasturlarimiz avlodlarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi, mana shu jarlik ustidagi ko’prikdir”, - deydi u.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Stalinni murakkab shaxs deb atagan.

Putin o’tgan yil oktabr oyida Stalin davridagi qatag’on qurbonlarini xotirlovchi yodgorlik ochilishida qatnashib, tarixning qora dog’lari Rossiyaning milliy xotirasidan o’chib ketmasligi kerak, degan edi.

Biroq tanqidchilari uni samimiyatsizlikda ayblab, bugungi Rossiyada ham siyosiy erkinlik va tarix xuruj ostida ekanini aytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG