Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat sharqidagi bo’lginchi hududlar bilan keskinlashayotgan vaziyatni muhokama qilish uchun Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan gaplashmoqchi ekanini ma’lum qildi, biroq Kremldagi rasmiylar Ukrainadan bunday iltimos tushmaganini aytmoqda.
Ukraina prezidentining matbuot kotibiga ko’ra, Putin bilan bog’lanish harakati natija bermayapti, Putin go’shakni ko’tarmayapti.
Ukraina va Rossiya Donbassdagi vaziyatning keskinlashishida bir-birini ayblamoqda. Rasmiy Kiyevning e’tiroz bildirishicha, Rossiya chegarada qo’shinlari sonini oshirmoqda va bu mavzu muhokamasidan qochyapti.
Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa so’nggi kunlarda Kiyevdan muloqot haqida iltimos bo’lmaganini aytadi.
Kreml Ukraina sharqidagi bo’lginchilarni qo’shin va qurol bilan ta’minlayotganini inkor etarkan, faqat gumanitar va siyosiy yordam ko’rsatayotganini ta’kidlaydi.
Ukraina hisobiga ko’ra, Rossiya Donbass bilan chegarada 40 ming, Qrimda ham shuncha qo’shin to’plagan.
Ukrainaning da’vo qilishicha, Kreml sentabrda bo’ladigan parlament saylovlaridan oldin aholini ichki muammolardan chalg’itish maqsadida ataylab Ukraina bilan taranglikni kuchaytirmoqda.
Prezident Putin o’z navbatida Ukrainani Donbassdagi sulh kelishuviga xilof holda provokatsion harakatlarga qo’l urayotganlikda ayblayapti.
Kremlga ko’ra, Rossiya mudofaa maqsadlarida o’z chegaralari doirasida qo’shinlarini istalgancha surishga haqli.
Bu o’rtada Ukrainada zaxira kuchlari harbiy mashqlarga jalb qilinmoqda. Xususan, Kiyevda ana shunday mashg’ulotlardan biri o’tkazildi, unda harbiy ayollar ham qatnashdi. Oy boshida Ukrainaning Qrimga chegaradosh janubiy viloyatlaridagi zaxirachilar ham mashg’ulotlarda qatnashishi e’lon qilindi.
Facebook Forum