Breaking News

Polshada ikki odamni o'ldirgan raketaning Ukrainaga tegishli ekani aniqlandi


Polshaning Pshevoduv qishlog'iga tushgan raketa qoldig'i
Polshaning Pshevoduv qishlog'iga tushgan raketa qoldig'i

15-noyabr kuni Polshaning Ukraina bilan chegaradagi Pshevoduv qishlog’iga raketa tushishi oqibatida ikki odam halok bo’ldi. G’arb davlatlari aybni avval Rossiyaga to’nkadi. Boltiq bo’yi mamlakatlari NATO Nizomining kollektiv mudofaa haqidagi 5-moddasini harakatga keltirish haqida og’iz ochdi. Ukraina rahbari va tashqi ishlar vaziri Rossiyani jazolashga chaqirdi. Raketani haqiqatan Rossiya otgan bo’lsa, kattaroq mojaro boshlanishi mumkin edi.

Xalqaro hayot - 16-noyabr, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:25 0:00

AQSh, Polsha va NATO voqeani tergov qilishga kirishdi. Indoneziyada “Katta Yigirmalik” sammitida qatnashayotgan AQSh Prezidenti Jo Bayden ittifoqchilarni hatto favqulodda majlis uchun yig’di.

Bir necha soatdan so’ng raketa Rossiyadan kelmagani, uning Ukraina havo mudofaasi tizimiga qarashli ekani ma’lum bo’ldi. Bayden ham raketa Rossiyaniki emasligini aytdi.

15-noyabr kuni Rossiya Ukraina shaharlaridagi energetika infratuzilmasini 100 ga yaqin raketa bilan nishonga oldi. Ularni urib tushirish maqsadida uchirilgan ukrain raketalaridan biri yo’nalishidan og’ib, Polsha hududiga tushgan.

Buni Polsha prezidenti va bosh vaziri ham tasdiqladi. Qo’shma matbuot anjumanida Andjey Duda va Mateush Moravetskiy Polsha hududiga tushgan S-300 raketasining mudofaa maqsadida uchirilganini taxmin qilishdi.

NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg ham hujum ataylab uyushtirilmaganini, Rossiya NATOga qarshi harbiy harakat boshlamayotganini tasdiqladi, biroq bo’lgan voqeaga baribir Moskva javobgar ekanini aytdi.

"Bu Ukrainaning aybi emas. Ukrainada noqonuniy urushni davom ettirayotgan Rossiya mas’ul bunga”, - dedi u.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an ham Polshada ikki odamning o’limiga sabab bo’lgan raketa Rossiyaniki emasligini ma’lum qildi. Erdog’an Indoneziyadan qaytganidan so’ng Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga qo’ng’iroq qilishini aytdi.

Polshadagi voqea ketidan Germaniya Mudofaa vazirligi Polsha havo sarhadlarini nazorat qilish uchun harbiy samolyotlarni ajratishga tayyor ekanini bildirdi.

"Agar Polsha xohlasa, buni ertagayoq yo’lga qo’yamiz. Buning uchun samolyotlarni Polshaga topshirish shart emas. Havo patrulini Germaniyadagi harbiy-havo bazalaridan amalga oshirish mumkin. Oldin ham bunday qilganmiz bir marta”, - dedi vazirlik vakili Kristian Tils.

Germaniya, shuningdek, Slovakiyada Ukrainaga berilgan nemis harbiy texnikasini ta’mirlash markazini tashkil etmoqchi.

Litva Prezidenti Gitanas Nauseda esa alyansni Ukraina-Polsha chegarasiga qo’shimcha havo mudofaasi tizimlarini yetkazishga, NATOning sharqiy qanoti mudofaasini kuchaytirishga chaqirdi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Polsha qishlog’iga tushgan raketa NATOga a’zo mamlakatlarda xavotir va shov-shuvga sabab bo’ldi.

“Shimoliy oqim” quvurlarining portlatilishiga ham shunday munosabat bildirishsa edi”, - dedi Peskov.

Rossiya Yevropaga uzatilgan ikkita yirik gaz quvuridagi portlashda AQSh va Britaniyani ayblagan. Germaniya, Shvetsiya va Daniya voqeani hamon tergov qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG