Breaking News

Rossiya-Ukraina mojarosidagi huquqiy tortishuvlar


Ukrainaning Rossiya nazoratidagi Lugansk viloyatiga shanba kungi hujumida kamida 28 odam, jumladan ikki nafar mahalliy deputat va Lugansk xalq respublikasining favqulodda holatlar vaziri, homilador ayol va uning besh yashar farzandi o’lgan.

Xalqaro hayot - 5-fevral, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:53 0:00

Ukraina, shuningdek, Rossiyaning Qora dengizdagi yana bir kemasini cho’ktirishga muvaffaq bo’lgan. Hujumda oltitagacha dengiz dronlari qo’llangan.

Rossiya ham Ukraina shaharlarini nishonga olarkan, Gaagada joylashgan Jahon sudi Ukrainaning Rossiya ikki yil oldin unga qarshi urush boshlaganini qatliom deb tan olish haqidagi da’vosini ko’rib chiqa olmasligini bildirdi.

Bundan tashqari, Xalqaro adliya sudi Rossiya Donbassda terrorizmni moliyalagani hamda 2014-yilda Malayziyaga tegishli yo’lovchi samolyotni urib tushirishda qo’l urgani haqidagi Ukraina da’volarida dalillar yetishmasligiga ishora qildi.

Ukraina, shuningdek, BMT sudidan Ukraina mamlakat sharqida qatliomga qo’l urgani haqidagi Rossiya da’vosini inkor etishni ham so’ragan. Prezident Vladimir Putin Ukrainaga qo’shin tortish qarorini qisman ana shu da’voga asoslagan.

Jahon sudi Ukraina da’vosini ko’rib chiqishga rozi bo’ldi. Rossiya advokatlari Jahon sudida bu ishni ko’rib chiqish vakolati yo’q deb da'vo qilgan edi.

Sud ishni Ukraina foydasiga hal qilsa, Kiyev ittifoqchi mamlakatlardan ko’proq harbiy yordam olishga asos bo’lishiga umid qilmoqda.

Ukraina armiyasi bosh qo’mondonining ishdan olinishi tasdiqlandi

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy harbiy rahbariyatni yangilash orqali jang maydonida yutuqlarga erishishga umid qilmoqda. So’nggi kunlarda Ukraina armiyasining bosh qo’mondoni general Valeriy Zalujniy, qurolli kuchlar bosh shtabi boshlig’i va yana bir necha mas’ul harbiylarning ishdan olinishi haqida xabarlar tarqalgan. Zelenskiy Zalujniyni iste’foga chiqarmoqchi ekani haqidagi gaplarni tasdiqladi.

Biroq Zalujniyni qahramon deb ko’ruvchi frontdagi ayrim askarlar ushbu yangilikni salbiy qarshilamoqda.

"Shu tobda uni ishdan olish to’g’ri emas. Jang paytida qo’mondonlarni yangilab bo’lmaydi”, - deydi ulardan biri.

O’tgan yil dekabrida o’tkazilgan ijtimoiy so’rov natijalaridan ma’lum bo’lishicha, ukrainaliklarning 72 foizi Zalujniyning lavozimidan olinishiga qarshi, atigi ikki foizi bunday qarorni qo’llab-quvvatlashini bildirgan.

“Safarbarlikni kuchaytirish kerak, chunki frontda odam yetishmayapti. Dushmanimiz son jihatdan bizdan ancha ustun”, - deydi Igor ismli yana bir askar.

Ukraina jang maydonida yutuqlar uchun o’q-dori yetishmayotganidan ham nolimoqda. Ukraina qurolli kuchlarining kundalik ikki mingta snaryadiga ruslar 10 mingta snaryad bilan javob bermoqda.

O’tgan hafta Yevropa Ittifoqi Ukrainaga kelasi to’rt yilga 54 milliard dollar ajratishga qaror qildi. Biroq AQSh Kongressida bunga doir qonun loyihasi turib qolgan. Respublikachilar hujjatga e’tirozini AQShning janubiy chegarasidagi vaziyatga bog’lamoqda.

Yakshanba kuni AQSh Senatida ikki partiya vakillari chegara xavfsizligi, Ukraina va Isroilga yordamni o’z ichiga olgan 118 milliard dollarlik qonun loyihasiga kelishdi. Chorshanba kuni hujjat ovozga qo’yilishi kutilmoqda.

Vakillar palatasidagi respublikachilar esa loyiha Senatda qabul qilingan taqdirda ham uni quyi palatada rad etishini bildirmoqda.

Taklif etilayotgan hujjatda 20 milliard dollarni chegara xavfsizligi uchun, 60 milliard dollarni Ukraina ehtiyojlariga, 14 milliard dollarni Isroil uchun va yana besh milliard dollarni Hind va Tinch okeani mintaqasida Xitoy tahdidlariga yuz tutayotgan mamlakatlar, jumladan Tayvanga taqsimlash ko’zda tutilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG