Breaking News

Rossiya Ukrainaga hujum qiladimi?


Ukraina tanklari Xerson yaqinida Qrim bilan chegara hududiga tortildi. 12-avgust 2016-yil
Ukraina tanklari Xerson yaqinida Qrim bilan chegara hududiga tortildi. 12-avgust 2016-yil

Prezident Vladimir Putinning Ukrainaga oid rejalari qanday? Kiyevdagi rasmiylar ta’kidicha, Rossiya rahbari qo’shni mamlakatga keng ko’lamli hujum boshlash niyatida va bu hujumni oqlash uchun bahona izlamoqda. Maqsad – Ukraina janubi-sharqi orqali Qora dengiz bo'yidagi Qrimga yo’l ochish, deydi ular.

2014-yilda Viktor Yanukovich Ukrainada hokimiyatdan quvilganidan keyin Rossiya Qrim yarimorolini o’z hududiga qo’shib oldi.

Ukraina sharqida, asosan, ruslar yashaydi, rossiyaparast kayfiyat kuchli. So’nggi paytlarda Donbassda isyonchilar va Ukraina armiyasi o'rtasida otishmalar jadallashdi. Rossiya bu hududga yaqin chegarasida qo’shinlari, qurol-aslahani ko’paytirmoqda, shu jumladan S-400 Triumf rusumidagi raketaga qarshi mudofaa tizimini o'rnatmoqda.

Ayni vaqtda Kreml rasmiy Kiyevni Qrimda terror xurujlarini amalga oshirish maqsadida o’z diversantlarini yarimorolga yuborganlikda aybladi. Kiyev bunday iddaolarni inkor etar ekan, Rossiya jiddiy hujumga o’tish uchun rasmiy asos izlamoqda, deydi. Ukraina harbiy razvedkasi vakillari fikricha, bundan buyon Rossiyaning diversiya haqidagi da'volari ko’payadi, Kreml Ukrainani keng ko'lamli provokatsiyaga hozirlanayotganlikda ayblab, G’arb oldida uni yomonotliqqa chiqarmoqchi.

Kiyev rasmiylari Rossiya hujumni 18-sentabrga rejalangan parlament saylovlaridan oldin boshlashini bashorat qilmoqda.

“Putin tezkor va zafarona urushga muhtoj”, - deydi ukrainalik tahlilchi, sobiq razvedkachi Aleksey Arestovich.

Unga ko'ra, bunday g’alaba saylovlardan oldin Rossiya rahbarining xalq orasidagi obro’sini mustahkamlashga yordam beradi.

"Agar katta hujum boshlansa, Rossiya Mariupolni egallashga intiladi, chunki bu Qrimga korridor ochib beradi. Rossiya Kerch bo’g’ozi ustidan katta va serxarajat ko’prik qurish o’rniga to’g’ridan-to’g’ri yo’lakka ega bo’lishga intilmoqda", - deydi Arestovich.

Unga ko'ra, Rossiya qo’shinlari Qrimdan Ukrainaning Xerson va Zaporojye viloyatlariga kirib borishi, so’ngra shimoldagi Energodar shaharchasigacha yetib, sharqqa burilishi va Mariupol portini egallashi ehtimoli bor.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Mariupoldagi xodimlariga evakuatsiyaga tayyor bo’lish buyurildi.

O’tgan hafta Ukraina prezidenti ma’muriyati so’zlovchisi Oleksandr Motuzyanikning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, so’nggi paytlarda Ukraina osmonida, xususan Qrimga tutashgan Xerson va Zaporojyeda Rossiya dronlari ancha faollashgan.

“Agar hujum Qrimdan boshlansa, uni qaytara olamiz”, - deydi Arestovich.

Tahlilchi nazarida, G’arb davlatlari yordamida harbiy tayyorgalikdan o’tgan Ukraina armiyasi o’tgan yilga qaraganda ancha yaxshi holatda.

Donbassda kuchlar deyarli teng. Ukraina 100 ming askarga ega, ular mamlakat sharqidagi 500 kilometrlik front chizig’i bo’ylab joylashtirilgan.

Ukraina harbiylari hisobicha, isyonchilar safida Rossiya qo’llab-quvvatlayotgan 45 ming askar bor. Ular mahalliy aholi vakillari, rossiyalik sobiq harbiylar va bu mamlakatning muntazam qurolli kuchlari a'zolaridan tarkib topgan. Rossiya chegarasida ham qo'shimcha 45 ming askar safarbar etilgan, deya ma'lum qiladi Ukraina Mudofaa vazirligi.

Janubda esa kuchlar teng emas. Xerson va Zaporojyeda to’rtta brigada, ya’ni 10 ming askar joylashtirilgan, zaxirada yana ikkita brigada bor. Rossiya esa Qrim maqomi o’zgarganidan buyon u yerda harbiy qudratini oshirish bilan ovora. Ayrim hisoblarga ko'ra, yarimorolda 45 ming askar turgan bo’lishi mumkin.

Mustaqil harbiy tahlilchi va 2008-yilgi Rossiya-Gruziya urushi haqidagi kitob muallifi Anton Lavrov Kreml Ukrainaga hujum qiladi degan taxminlar asossiz, degan fikrda.

“Donbassdagi vaziyat Moskva tashabbusi bilan yomonlashmaydi, chunki bunga tayyorgarlikni ko'rmayapmiz”, - deydi u.

Lavrovning aytishicha, hujum rejalansa, chegara bo'ylab dala lagerlari o'rnatilgan bo'lardi.

"Moskvaning harakatlari qanday bo’lishini bashorat qilish qiyin, ammo hujum qilinsa, biz javob berishga tayyormiz", - deydi Ukraina prezidenti ma’muriyatidan Oleksandr Motuzyanik.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashikoliti har ikkala tarafni sulhni buzganlikda ayblaydi.

Xo’sh, agar Kreml hujumni rejalamayotgan bo’lsa, maqsadi nima? Kiyev rasmiylari Rossiya G’arbni sanksiyalarni bekor qilishga undamoqchi, degan fikrda.

G’arb bilan savdo aloqalarini tiklash Rossiyaning og’ir ahvolda qolgan iqtisodiyotini oyoqqa qo’yar edi. O’tgan yili neft narxi pasaygani hamda sanksiyalar sababli iqtisodiy o'sish to’rt foizga sekinlashdi, joriy yilda esa bu ko’rsatkich, Jahon bankiga ko’ra, qo'shimcha ikki foizga teng bo’lishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG